Oʻzbekiston va IHT oʻrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama qilindi

    Xalqaro hamkorlik 6 Iyul 2022 998

    Joriy yil 5-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga aʼzo mamlakatlar qishloq xoʻjaligi vazirlarining Toshkentda boʻlib oʻtayotgan yettinchi yigʻilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda boʻlib turgan IHT Bosh kotibi Xusrav Noziriyni qabul qildi.

    Suhbat chogʻida Xusrav Noziriy Oʻzbekistonning IHTga raisligi ushbu tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi. Oʻzbekiston Respublikasining IHTda Raisligi konsepsiyasini amalga oshirish doirasida qabul qilingan “Yoʻl xaritasi” oʻz vaqtida va tizimli tarzda bajarilib kelinyapti.

    IHTning rejasiga muvofiq 2022-yilda oʻtkaziladigan qoʻshma tadbirlar, shu jumladan 2022-yil noyabrda Toshkentda oʻtkaziladigan Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 26-yigʻilishiga tayyorgarlik masalalari koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv davomida taʼminot zanjirlarining uzilishi va davom etayotgan global pandemiya bilan bogʻliq muammolarni bartaraf etish masalalari ham muhokama etildi. Mintaqada transport kommunikatsiyalari va savdoni tizimli ravishda tiklash boʻyicha qoʻshma muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish istiqbollari koʻrib chiqildi. IHT mamlakatlari Oʻzbekistonning eng yirik savdo sheriklari ekanligi nuqtayi nazaridan bu masala mamlakatimiz uchun dolzarbdir. 2021-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston va IHT mamlakatlari oʻrtasidagi tovar aylanmasi 11,1 milliard dollarni tashkil qildi, bu esa 2017-yilga nisbatan 1,8 barobar koʻpdir. Oʻzbekistonda IHT mamlakatlari investorlari ishtirokida 5 300 dan ortiq qoʻshma va xorijiy korxonalar tashkil etilgan.

    Tomonlar konstruktiv tarzda IHT hududining tranzit salohiyatini rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar. Shu maqsadda tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishiga yordam beradigan, shuningdek, aholining turmush sharoiti va sifatini yaxshilaydigan transport — kommunikatsiya loyihalarini amalga oshirishni faollashtirish rejalashtirildi.

    Uchrashuv yakunida muhokama etilgan barcha tashabbus va kelishuvlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha birgalikdagi harakatlarni yanada kuchaytirishga oʻzaro sodiqlik bildirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.