Bu haqda “Dunyo” AA xabar bermoqda
TIV Konsullik-huquqiy departamenti xabariga koʻra, Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan migratsiya oqimlarini diversifikatsiya qilish va Oʻzbekiston fuqarolarining mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish boʻyicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Ispaniya bu borada istiqbolli yoʻnalishlardan biri sifatida qaralmoqda.
Muzokaralar chogʻida tomonlar dolzarb konsullik masalalarini, viza tartib-taomillarini soddalashtirish va mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuv doirasida Ispaniya tomoniga Harakatchanlik va migratsiya toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimni imzolash, Oʻzbekistondan mehnat migrantlarini qishloq xoʻjaligi va qurilish sohalariga jalb qilish boʻyicha tajriba loyihasini ishga tushirish borasida fikr-mulohaza almashildi. Shuningdek, Oʻzbekistonni Ispaniyada ishga joylashtirish uchun xorijiy ishchilarni tashkillashtirilgan yollash tizimiga (GECCO) kiritish imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif etildi.
Tomonlar Oʻzbekiston va Ispaniya tegishli idoralari oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik va muvofiqlashtirishni chuqurlashtirishga tayyor ekanini bildirdi. Kelgusidagi hamkorlik, shu jumladan, migratsiya sohasidagi hamkorlik istiqbollari tasdiqlandi.