Unda ikki mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada faollashtirish va kengaytirish masalalari hamda ikki va koʻp tomonlama munosabatlar doirasida qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishning hozirgi holati muhokama qilindi.

Jumladan, tomonlar joriy yil oxirigacha Toshkentda tashqi ishlar vazirlarining “Italiya – Markaziy Osiyo” ikkinchi uchrashuvini “1+5” shaklida oʻtkazish masalalarini hamda boʻlajak ikki tomonlama tadbirlarni muhokama qildilar. Investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi sohasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Oʻzaro savdoni jadallashtirishga doir samarali chora-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida ikki tomonlama idoralararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikning yangi istiqbolli yoʻnalishlarini aniqlash maqsadida ikki mamlakat ishlab chiqaruvchilari va tadbirkorlari oʻrtasida bevosita aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan qoʻshma tadbirlar tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Ikki davlat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik sohasiga toʻxtalib, tomonlar Geologiya va mineral resurslar Davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Geologiya fanlari universiteti va Italiyaning Piza universiteti oʻrtasida Toshkent shahrida dargohning filialini ochishga doir erishilgan kelishuvlarning yuqori ahamiyatini taʼkidladilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar biznes aloqalarni yanada kengaytirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, ikki davlatda iqtisodiy faoliyatni tiklash va koviddan keyingi davrda mintaqaviy va mintaqalararo sheriklikning yangi shakl va sxemalarini ishlab chiqish uchun ikki tomonlama hamkorlikni faollashtirish majburiyatini bildirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.