Muloqotda ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, eksport-import masalalarida oʻzaro manfaatli aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha qator yoʻnalishlarda muzokaralar boʻlib oʻtdi.
Biznes muloqotda nafaqat charm-poyabzal va moʻynachilik sohalarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va tayyor mahsulotlarni Koreya bozoriga olib kirish masalasi koʻrib chiqildi. Balki, zargarlik, tekstil, elektrotexnika, qurilish, parfyumeriya, farmatsevtika sohalaridagi hamkorlik istiqbollari ham koʻrib chiqildi.
Xususan, dunyoga mashhur LG kompaniyasi tarkibidagi “Ohui Bukmun” kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi kompaniya Toshkent shahrida joylashgan “San+One” kompaniyasi bilan Oʻzbekiston poytaxtida koreys kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarish boʻyicha dastlabki kelishuvga erishdi. Kompaniya rahbari aprel oyida Toshkentga tashrif buyurib, loyihani amalga oshirish boʻyicha hamkorlik shartnomasini imzolashni rejalashtirgan.
Biznes muloqot soʻngida Koreya kompaniyalaridan iborat delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurib, har bir soha boʻyicha hamkorlikning kelgusi istiqbollarini belgilab olishi yuzasidan qaror qabul qilindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.