Muloqotda ikki davlatning asosiy vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va taʼlim muassasalari, shuningdek, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Oʻz chiqishlarida ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari ikki davlat rahbarlarining samimiy va ishonchli munosabatlari tufayli mustahkamlanib borayotgan oʻzaro hamkorlik tez surʼatlarda, izchil rivojlanib borayotganini taʼkidladi.
Shu kungacha erishilgan kelishuvlarni amalda tatbiq etishdagi muvaffaqiyatlar qayd etildi. Xususan, fevral oyida Toshkentda birinchi Oʻzbekiston-Ozarbayjon hududlararo forumi va Ishbilarmonlar kengashining uchinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi va bu ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish uchun zamin yaratdi.
Birgina 2022-yilda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1,5 barobar, joriy yil boshidan buyon esa bu koʻrsatkich 16 foizga oshdi. Jumladan, Ozarbayjonga toʻqimachilik mahsulotlari yetkazib berish hajmi 2,6 barobar, mexanik uskunalar yetkazib berish 19,7 foiz, shisha va shisha buyumlar yetkazib berish 76 foizga oshdi. Shu nuqtai nazardan, yaqin yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish uchun ikki mamlakat iqtisodiyotlari yetarli salohiyatga ega ekanligi alohida taʼkidlandi.
Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish boʻyicha birgalikda ish olib borishga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, soʻnggi besh yilda Oʻzbekistonda Ozarbayjon kapitali ishtirokida tashkil etilgan qoʻshma korxonalar soni 4 barobar oshdi. Ikki yil ichida 40 ga yaqin korxona ishga tushdi. Oʻz navbatida, Ozarbayjonda Oʻzbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 70 dan ortiq korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelyapti.
Uchrashuvda energetika va transport sohalarida hamkorlikni kengaytirish, hududlararo, madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Tadbir yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiyaning 12-yigʻilishi bayonnomasi hamda HK doirasida erishilgan kelishuvlarni mustahkamlovchi boshqa bir qator hujjatlar imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.