Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud, ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari, tegishli idoralari va tarmoq birlashmalari rahbarlari, yirik kompaniya va korxonalar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ishbilarmonlar kengashi ikki mamlakat tadbirkorlari va ishlab chiqaruvchilari oʻrtasida hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va oʻzaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzishga qaratilgan konstruktiv muloqotni olib borish uchun maydoncha boʻlishga moʻljallangan.

Tadbir davomida soʻzga chiqqan ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni rivojlantirishdagi ijobiy tendensiyalarni, xususan, investitsiya va savdo hamkorligining yuqori dinamikasini qayd etdi. Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi, toʻqimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika sanoati, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda sanoat kooperatsiyasi sohasida salmoqli ishga solinmagan salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Ushbu tarmoqlarning salohiyati tegishli idoralar va tadbirkorlik birlashmalari rahbarlarining chiqishlari chogʻida batafsil ochib berildi. Yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlar boʻyicha aniq loyiha takliflari ham taqdim etildi va koʻrib chiqildi.

Tadbir yakunida tomonlar ikki mamlakat tadbirkorlarini aniq kelishuv va loyihalarga erishish maqsadida faol hamkorlik qilishga chaqirdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.