Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida diplomatik aloqalarining oʻrnatilganligiga 28 yil toʻldi

    Xalqaro hamkorlik 19 Fevral 2021 3820

    16-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻizston Respublikasi oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 28 yil boʻldi. Ushbu oʻtgan davr mobaynida ikki davlat munosabatlari turli xil rivojlanish bosqichlaridan oʻtib, sayqallanib, sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarilgan holda, aniq amaliy mazmun bilan boyidi.

    Qirgʻiziston Respublikasi bilan yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlari tamoyillariga asoslangan konstruktiv, serqirra hamda oʻzaro manfaatli muloqot Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi. Hozirgi vaqtda oʻzbek-qirgʻiz hamkorligi salmoqli shartnomaviy-huquqiy asosga ega boʻlib, u 180 dan ziyod kelishuv va bitimlardan iborat. Ushbu hujjatlar savdo, iqtisodiyot, ilm-fan, turizm, transport, maʼdaniyat va boshqa yoʻnalishlarni qamrab oladi.

    Shu jumladan, “Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida Abadiy doʻstlik toʻgʻrisida”gi shartnoma, “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida strategik sheriklik, doʻstlik, ahil qoʻshnichilik hamda ishonchni mustahkamlash toʻgʻrisida”gi Deklaratsiya kabi muhim hujjatlar ikkitomonlama munosabatlarni yuksak darajada rivojlanishi uchun normativ-huquqiy sharoit yaratmoqda.

    Hech mubolagʻasiz aytish mumkinki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev boshchiligida ikki davlat munosabatlarini mustahkamlash va kengaytirish boʻyicha misli koʻrilmagan tarixiy qadamlar tashlandi. Bu esa oʻz navbatida oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangan hamkorlikning yana-da mustahkamlanishiga zamin yaratmoqda.

    Umumiy saʼy-harakatlar va davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar, aloqalar har tomonlama va oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotganini mamnuniyat bilan taʼkidlash zarur.

    Bularning barchasi Oʻzbekistonning doʻstona hamda oʻzaro manfaatli davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha qatʼiy siyosiy xohish-irodasining natijasi boʻlibgina qolmasdan, ikki qardosh xalqning tinch va totuvlikda yashashga boʻlgan istak va xohishlarining amaldagi ijrosi hamdir.

    Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2017-yil sentyabr oyida Qirgʻiziston Respublikasiga davlat tashrifi, ikkitomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochilishiga katta turtki boʻldi.

    Ushbu tashrif doirasida imzolangan “Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida oʻzbek-qirgʻiz Davlat chegarasi toʻgʻrisida”gi shartnoma natijasida davlat chegara chiziqlarining 85 foizi boʻyicha muhim kelishuvlarga erishildi. Bugungi kunda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston davlat chegaralarining belgilanmagan hududlar boʻyicha oʻzaro hamkorlik jadal surʼatlarda olib borilmoqda.

    Imzolangan shartnomaga muvofiq, “Doʻstlik” (Andijon viloyati), “Kosonsoy” va “Baymoq” (Namangan viloyati) nazorat-oʻtkazish punktlari ishi qayta tiklandi. Qirgʻiziston fuqarolari uchun “Qadamjoy” va “Vodil” (Fargʻona viloyati) punktlari orqali chegaradan oʻtish tartibi soddalashtirildi. Bunning natijasida ikki mamlakat fuqarolari hech qanday takliflarsiz chegarani soddalashtirilgan tartibda kesib oʻtishmoqda.

    Bugungi kunda ikki davlat fuqarolariga qulaylik yaratish maqsadida oʻzbek-qirgʻiz chegarasida jami 16 ta oʻtkazish punkti faoliyat olib bormoqda. Buni davlat rahbarlari tomonidan oʻzbek-qirgʻiz chegarasini Doʻstlik chegarasiga aylantirish muhimligi toʻgʻrisdagi tashabbuslarining amaliy ijrosi sifatida koʻrish mumkin. Natijada har kuni oʻzbek-qirgʻiz chegarasini kesib oʻtadigan fuqarolar soni sezilarli darajada oshdi.

    Xususan, 2019-yilda Oʻzbekistondan qoʻshni davlatga 4,6 millionga yaqin fuqaro tashrif buyurgan boʻlsa, Qirgʻizistondan Oʻzbekistonga kelganlar soni 1,4 milliondan oshgan. Bu umumiy hisobda 2018-yil bilan taqqoslaganda 30% koʻp demakdir. Ushbu raqamlar ikki tomonlama aloqalar butunlay yangi, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarning taraqqiyot bosqichiga koʻtarilganidan guvohlik beradi.

    Taʼkidlash joizki, pandemiya davrida chegaralarning yopilganligi sababli ushbu koʻrsatkichlar sezilarli darajada kamaydi. Ammo, ishonch bilan aytish mumkinki, karantin choralari batamom bekor qilingandan soʻng oʻzaro tashriflar soni yana-da oshib, qirgʻiz va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi doʻstlik va qarindoshlik rishtalari yana-da mustahkamlanadi. Zero ikki xalq oʻrtasidagi munosabatlar koʻp asrlik doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan.

    Shubhasiz, Qirgʻizston va Oʻzbekiston oʻrtasidagi davlat chegara chiziqlarini xalqaro normalar va ikkitomonlama manfaatlarni inobatga olib roʻyxatdan oʻtkazish jarayonini yakunlash va uni doʻstlik, qoʻshnichilik va hamkorlik chegarasiga aylantirish nafaqat ikki davlat, balki mintaqa darajasida savdo-iqtisodiy va maʼdaniy aloqalarni yana-da rivojlantirishga turtki boʻladi.

    Ikki tomonlama munosabatlarda alohida eʼtibor iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, ushbu yoʻnalishdagi aloqalar soʻnggi 5 yillikda yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, 2019-yilda mamlakatlar oʻrtasidagi savdo hajmi 818 million dollarni tashkil etdi (eksport – 668 million dollar, import 150 million dollar). Bu koʻrsatkich 2016-yilga nisbatan 80% ga oshgan.

    Eʼtiborli jihati shundaki, ogʻir pandemiya sharoitida ham savdo aloqalarining oʻsish jarayoni saqlab qolindi. Xususan oʻtgan yil mobaynida mamlakatlar oʻrtasidagi tovar aylanma hajmi
    903 million dollardan oshdi, shu jumladan eksport – 756,6 million dollar, import 146,5 million dollarga yetdi.

    Davlatlar oʻrtasidagi savdo aloqalarining rivojlanishida 2018-yilda tuzilgan Chegara hududlari rahbarlari kengashi va uning doirasida olib borilayotgan investitsiya, turizm va savdo sohasida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarni alohida taʼkidlash lozim. Shu bilan birga hududlar oʻrtasidagi munosabatlarni yana-da jadallashtirish maqsadida Toshkent va Bishkek shaharlari, Andijon va Oʻsh, Namangan va Jalol-Obod, Fargʻona va Botken viloyatlari oʻrtasida oʻzaro savdo-iqtisodiy hamda madaniy gumanitar sohalarda hamkorlik qilish boʻyicha shartnomalar imzolangan.

    Ikki davlat oʻrtasida investitsion hamkorlikni rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hukumatlari oʻrtasida ustav kapitali
    50 mlnyu dollarga teng boʻlgan qirgʻiz-oʻzbek investitsion jamgʻarmasini tashkil qilish boʻyicha amaliy harakatlar olib borilmoqda.

    Shubhasiz, amalga oshirilayotgan bu kabi chora-tadbirlar, aholining ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash, yangi ish-oʻrinlarini ochilishiga, iqtisodiyotni rivojlantirish va chegara hududlarida xavfsizlikni barqarorlashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Hozirda Oʻzbekistonda qirgʻiz kapitali ishtirokida 187 ta korxona faoliyat yuritmoqda, ulardan 98 tasi qoʻshma korxona, 89 tasi chet el kapitali asosida ish yuritadi. Vaholangki, 2016-yilda bu kabi korxonalar soni jami 49 tani tashkil etar edi.

    Aytish lozimki Oʻzbekiston Qirgʻiziston iqtisodiyotida qiziqish uygʻotishi mumkin boʻlgan yetarli darajadagi oziq-ovqat va sanoat tarmoqlariga ega boʻlib kelajakda farmatsevtika, qishloq-xoʻjaligi transport va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari boʻyicha ikkitaraflama foydali loyihalarni amalga oshirish mumkin.

    Oʻz oʻrnida 2021-yilning 1-yanvar kunidan boshlab Oʻzbekiston tomonidan Qirgʻizistonga 73 turdagi tovarlarga import aksiz soligʻi bekor qilindi. Ushbu qaror, shubhasiz, oʻzaro savdo-sotiq munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqadi.

    Favqulotda vaziyatlar sohasida yuzaga keladigan tahlika va tahdidlarni oldini olish boʻyicha ham jadal hamkorlik ishlari olib borilmoqda. Xususan, 2019-yildan boshlab Oʻzbekiston va Qirgʻizston favqulotda vaziyatlar vazirliklari kollegiyalarining qoʻshma majlislari oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. 2019-yilning 4-7-aprel kunlari birinchi qoʻshma majlis tashkil etilgan boʻlib unda tomonlar Protokol qabul qilishdi. Ushbu hujjatga binoan bugungi kunda chegara hududlarida mavjud boʻlgan raioekologik, gidrometeorologik va geotexnik sharoitlar boʻyicha maʼlumot almashinish reglamenti ishlab chiqilmoqda.

    Bu esa Oʻzbekiston va Qirgʻizistonning yuzaga kelishi mumkin boʻlgan keskin va tahlikali muammolarni bir yelkadan bosh chiqargan holda yaxshi qoʻshnichilik, ishonchli doʻst va yaqin hamkor sifatida yechishga tayyor ekanliklarini koʻrsatmoqda.

    Shuni alohida taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda jadallik bilan olib borilayotgan siyosiy muloqotlar ikki taraflama hamkorlikning barcha sohalarida oʻz aksini topib, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasida madaniy va gumanitar aloqalarning rivojlanishiga olib keldi.

    Buning yaqqol dalili sifatida 2017-2018-yillarda Toshkent, Samarqand, Bishkek va Oʻsh shaharlarda tashkil qilingan maʼdaniyat va kino kunlarini koʻrsatish mumkin.

    Shu bilan bir qatorda 2018-yilda Oʻsh shahrida Oʻzbekiston tomonidan oʻrta taʼlim maktabi qurib foydalanishga topshirilganligi alohida ahamiyatga ega.

    Bundan tashqari 2018-yilda Oʻzbekistonda buyuk qirgʻiz yozuvchisi Ch.Aytmatovning 90 yilligi keng nishonlanib, oʻzbek teatrlarida adib ijodiga bagʻishlangan spektakllar boʻlib oʻtdi. Oʻzbek-qirgʻiz kinoijodkorlari Ch.Aytmatovning “Sarvi qomat dilbarim” asari asosida qoʻshma film suratga olishdi. Toshkentda esa Ch.Aytmatov nomli koʻcha ochilib, uning barelyefi oʻrnatildi.

    2018-yil dekabrida esa Qirgʻizston milliy universitetida Oʻzbekiston qaxramoni va xalq yozuvchisi E.Vohidov tavalludiga bagʻishlangan adabiy kecha tashkil etildi.

    Oʻz navbatida, Qirgʻiziston sanʼat vakillari Oʻzbekistonda tashkil etiladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, “Baxshi” va “Maqom” sanʼat festivallarida doimiy qatnashib sovrinli oʻrinlarni qoʻlga kiritishmoqda.

    Gumanitar aloqalarning rivojlanib borayotganligini esa koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali kurashishni taʼminlash va ikkitaraflama aloqalarga salbiy taʼsirini kamaytirishga qarshi birgalikda olib borilayotgan ishlar miqyosida ham koʻrishimiz mumkin.

    Oʻtgan yilning aprel va may oylarida Oʻzbekiston Qirgʻiziston Respublikasiga ikki bor insonparvarlik yordami joʻnatdi. Shu bilan birga 2020-yil davomida Oʻzbekiston tomonidan Qirgʻizistondagi Bishkek shahri hamda Batken va Chuy viloyatlarida koronavirusga ixtisoslashtirilgan maxsus modul shifoxonalarni qurilib, kerakli tibbiy texnika va asbob-uskunalar bilan jihozlab berildi.

    Bunga javoban esa Qirgʻiziston hukumati Oʻzbekistonda Sardoba suv ombori toʻgʻoni oʻpirilishidan jabrlanganlarga insonparvarlik yordami yubordi. Taʼkidlash kerakki bu kabi ishlar ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar oʻzaro hurmat va doʻstlik tamoyillariga asoslanganligining yana bir bor isbotidir.

    Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hamkorligining 28 yillik yangi tarixini sarhisob qilar ekanmiz, mamlakatlarimiz oʻzaro hurmat, tomonlarning ochiqligi va samimiyligiga asoslangan teng huquqli muloqot tarafdori ekanligini taʼkidlash lozimdir.

    Shak-shubhasiz, hozirgi kundagi Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻrtasidagi munosabatlar tarixan misli koʻrilmagan yuqori darajada rivojlanmoqda. Ikki davlat oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik va doʻstona, strategik sheriklik munosabatlarini nafaqat saqlab qolish balki uni yana-da rivojlantirish va mustahkamlash oʻta muhim. Hech mubolagʻasiz, Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻzaro saʼy-harakatlar va mushtarak intilishlar asosida oʻzbek va qirgʻiz xalqlarining farovonligi yoʻlida keng qamrovli hamkorlikni yana-da rivojlantirishga va takomillashirishga erisha oladilar.

    Bekzod Rajabov,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

    strategik va mintaqalararo

    tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi