Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Alixan Smailov bilan uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama etildi. Qozog‘iston tomoni ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muntazam muloqotlarning ishinchli xususiyatini, bu ikki davlat o‘rtasidagi barcha darajadagi ikki tomonlama strategik munosabatlar uchun mustahkam poydevor ekanligini ta’kidladi. Suhbat chog‘ida o‘zaro sheriklikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga sodiqlik bildirildi.

Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar bilan energetika, mashinasozlik, to‘qimachilik tarmog‘i, sanoat kooperatsiyasi, tog‘-kon sanoati, transchegaraviy suv havzalarini birgalikda boshqarish va ulardan foydalanish sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqish masalalari muhokama etildi.

Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini (XSKM) tashkil etish, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini, jumladan, Qozog‘iston Respublikasiga yuqori darajadagi tashrif yakunlari bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» bilan tasdiqlangan umumiy qiymati 3,3 milliard dollarlik 34 ta loyiha va 37 ta yangi 2,5 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi. Tasdiqlangan tarmoq jadvallari asosida loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash va kelgusida hayotga joriy etish, shuningdek, istiqbolli investitsiya loyihalarini XSKM hududida joylashtirish yuzasidan ishlarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bosh vazir o‘rinbosari – savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin bilan suhbatda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, transchegaraviy va mintaqaviy transport-logistika yo‘laklarini kengaytirish bo‘yyicha aniq amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Qozog‘istondagi davlat xaridlarida ishtirok etishi, shuningdek, ikki mamlakat eksportyorlari tomonidan go‘sht va go‘sht mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berishni soddalashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Uchrashuvlar yakunida muhokama etilgan loyiha va tashabbuslarni jadal amalga oshirish doirasida mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlariga tegishli topshiriqlar berildi, shu bilan birga bu yilgi Hududlar forumi hamda Hukumatlararo komissiya yig‘ilishini o‘tkazishning barcha tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.