Oʻzbekiston va Qozogʻiston Ustyurt platosining hayvonot dunyosini asrab-avaylash borasida hamkorlik qiladi

    Ustyurt platosida yovvoyi hayvonlarning transchegaraviy populyatsiyalari va ularning koʻchib yuruvchi turlarini saqlashni taʼminlash boʻyicha ishchi guruh tuziladi.

    Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan CMS COP14 yalpi majlisi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Qozogʻiston Respublikasi ekologiya va tabiat resurslari vaziri oʻrinbosari Nurken Sharbiyev oʻrtasida memorandum imzolandi.

    Memorandum doirasida Ustyurt platosida yovvoyi hayvonlarning transchegaraviy populyatsiyalari va ularning koʻchib yuruvchi turlarini saqlashni taʼminlash boʻyicha ishchi guruh tuziladi va chora-tadbirlarning “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi. Hujjat quyidagilarni taʼminlaydi:

    — koʻchib yuruvchi turlarning muvofiqlashtirilgan monitoringi, tadqiqi va inventarizatsiyasi;

    — yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini muhofaza qilish va bioxilma-xillikni saqlash;

    — transchegaraviy muhofaza qilinadigan hududlar va migratsiya koridorlarini yaratish;

    — hayvonot dunyosi resurslaridan barqaror foydalanish va ekoturizmni rivojlantirish imkoniyatlarini oʻrganish;

    — mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish;

    — koʻchib yuruvchi turlarni saqlash sohasida zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni tanlash va qoʻllash boʻyicha maslahatlashuvlar;

    — koʻchib yuruvchi hayvonlarni noqonuniy va/yoki asossiz tutishga, shu jumladan, brakonyerlik va yovvoyi hayvonlar hamda ularning hosilalari kontrabandasiga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va kuchaytirish;

    — qoʻshma ilmiy-amaliy seminarlar va konferensiyalar oʻtkazish;

    — qoʻshma ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlarni tayyorlash va chiqarish;

    — yashash muhitining parchalanishi va degradatsiyasining oldini olish choralari;

    — “Yoʻl xaritasi”ning tegishli chora-tadbirlarini amalga oshirish uchun investitsiyalar va mablagʻlarni jalb qilish.

    Taʼkidlash joizki, kelishuv 2023-yilda Butunjahon tabiiy merosi obyektlari roʻyxatiga kiritilgan “Turon moʻtadil choʻllari” transmilliy Butunjahon tabiiy merosi obyektini saqlash boʻyicha Markaziy Osiyo davlatlarining majburiyatlarini bajarish maqsadida imzolangan.