“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi v.b. X.N.Xasilov, Jamiyatning tarkibiy boʻlinmalar rahbarlari hamda “Transmashxolding” AJ bosh direktor oʻrinbosari A.Y.Chebakov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasi tomonidan xolding korxonalari bilan qoʻshma hamkorlikni yana-da istiqbolli va samarali rivojlantirish masalalari muhokama etildi.

Maʼlumki, Rossiya kompaniyasining ishlab chiqarish korxonalari tomonidan Oʻzbekiston uchun 3ES5K seriyali magistral yuk elektrovozlarini va “Moskva” seriyali metropoliten poyezdlarni ishlab chiqarib, yetkazib bermoqda.

Ushbu kompaniyaning katta tajribasi va keng koʻlamli murakkab texnologik imkoniyatlarini hisobga olgan holda (har tomonlama texnik xizmat koʻrsatish va taʼmirlashdan tortib transportni boshqarish raqamli tizimlarini joriy etishgacha) ushbu hamkorlik mamlakatimizda temir yoʻl sohasini rivojlantirish, modernizatsiya qilishda va uni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil hisoblanadi.

Uchrashuvda muhokama qilingan qator masalalar qatorida “Toshkent metropoliteni” UK uchun poyezdlarning asosiy partiyasini yetkazib berishga alohida ahamiyat berildi. X.N.Xasilov ushbu masalani tezlashtirish muhimligini qayta taʼkidlab, bugungi kunda yoʻlovchilar tashish hajmi ortishini va poyezdlar orasidagi intervali katta boʻlayotganligi juda dolzarb masalalardan ekanligiga toʻxtalib oʻtdi.

Uchrashuvda rossiyalik mutaxassislar tomonidan, yoʻlovchilar tashishni tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi, jumladan, temir yoʻl transportini shahar jamoat transport tizimiga joriy (integratsiya) etish va boshqa imkoniyatlar yaratish masalasini taklif qildi. Shuningdek, bu borada yangi elektropoyezdlar partiyasini yetkazib berish masalalari ham muhokama qilindi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.