Oʻtgan yilning oktyabr oyida Buxoro shahrida boʻlib oʻtgan HKning 21-yigʻilishi bayonnomasida belgilangan ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish chora-tadbirlari bajarilishining monitoringi kun tartibining asosiy mavzusi boʻldi. Mavjud masalalar atroflicha tahlil etilib, tegishli sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirishga oid chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Kichik komissiyalar oʻrtasida sanoat kooperatsiyasi, moliya va bank sohasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish, shuningdek, innovatsiya va raqamli texnologiyalar, madaniyat va turizm boʻyicha yangi kichik komissiyalarni tashkil etishga kelishildi. Joriy yilning kuzida Moskvada boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan HKning navbatdagi yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish yuzasidan navbatdagi tadbirlar belgilandi.
Ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari hamkorligining faolligi qayd etildi. “Oson boʻlmagan sharoitlarda ham oʻzaro savdoning ijobiy dinamikasini yana bir bor kuzatmoqdamiz. Eslatib oʻtaman, pandemiyaga qaramasdan, Oʻzbekiston bilan ikki tomonlama savdo aylanmasi 2020-yilda 15,6%ga oshdi va bu ishbilarmonlik aloqalarining mustahkamligi va samaradorligini koʻrsatadi. Joriy yilning 7 oyi davomida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 3,8% oʻsishni qayd etyapmiz. Oʻzaro savdodagi ijobiy dinamika bu yil oxirigacha ham saqlanib qolishini kutmoqdamiz”, — deb, qayd etdi M.Reshetnikov uchrashuv davomida.
Oʻzbekiston tomoni ham ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning yuqori darajasi hamda erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etish boʻyicha asosiy vazirlik va idoralar oʻrtasidagi yaqin va tezkor hamkorlikni taʼkidladi. “Davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasidagi oʻzaro tushunish va ishonch darajasining nihoyatda yuqoriligi sababli Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni barqaror rivojlantirish hamda mustahkamlashning yuqori dinamikasini saqlab qolish imkonini beruvchi strategik sheriklik darajasi taʼminlanmoqda”, — deb taʼkidladi S.Umurzakov.
2017 va 2018-yillarda yuqori darajadagi tashriflar yakunlari boʻyicha tasdiqlangan qoʻshma loyihalarning bugungi holatiga alohida eʼtibor qaratildi. Hozirgi paytga kelib, ularning umumiy portfeli 15 milliard dollarga teng boʻlgan 151 ta investitsiyaviy loyihani oʻz ichiga oladi. Tomonlar kelishilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, shuningdek, yangi investitsiya loyihalari va savdo bitimlari portfelini shakllantirish boʻyicha ishlarni jadallashtirish yuzasidan amaliy choralar koʻrishga kelishib oldilar. Shu maqsadda, yaqin kelajakda ikki mamlakatning tarmoq vazirliklari, assotsiatsiyalari va birlashmalari, yirik davlat kompaniyalari hamda hududlar maʼmuriyatlari rahbarlaridan iborat delegatsiyalarning oʻzaro tashriflari tashkil etiladi.
Shuningdek, bir qator ikki tomonlama tadbirlarga jumladan, II-Mediaforum, II-Taʼlim forumi, II-Mintaqalararo hamkorlik forumi, XHYUKda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy pavilyonining rasmiy ochilish marosimi va “Made in Uzbekistan” tarmoqlar koʻrgazmasiga tayyorgarlikning borishi ham atroflicha koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunida aniq chora-tadbirlar, muddatlar va ularni amalga oshirish mexanizmlaridan iborat ikki tomonlama hamkorlikning yangi ustuvor yoʻnalishlarini belgilash maqsadida HKning kichik komissiyalari ishini faollashtirishga kelishildi. Ushbu takliflar Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida 2022-2026-yillarga moʻljallangan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorligiga doir shakllantirilayotgan dasturga asos boʻladi.