Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish niyatida

    Investitsiyalar 18 Oktabr 2022 1094

    Joriy yil 17-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi oʻrinbosari Laziz Kudratov Saudiya Arabistoni Podshohligi investitsiyalar vaziri oʻrinbosari Badr al-Badr bilan videokonferensaloqa tarzida muzokaralar oʻtkazdi.

    Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlash yoʻllari, shuningdek, joriy yil avgust oyida Saudiya Arabistoniga boʻlib oʻtgan oliy darajadagi tashrif natijalariga koʻra loyihalarni amalga oshirish boʻyicha erishilgan kelishuvlarni hayotga tatbiq etilishi koʻrib chiqildi.

    Ikki davlat oʻrtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Bugungi kunga qadar Oʻzbekistonda Saudiya Arabistoni kapitali ishtirokida 38 ta korxona faoliyat yurityapti. Oxirgi 5 yil ichida ularning soni qariyb 5 barobar oshdi. Shu nuqtayi nazardan, Oʻzbekistondagi 5 ta loyihasining umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq va umumiy quvvati 4,1 GVt dan koʻproq boʻlgan ACWA Power kompaniyasi bilan oʻzaro hamkorlikning erishilgan natijalarini yuqori baholab, tomonlar ushbu loyihalarni jadallashtirishga va qayta tiklanadigan energiya manbalari salohiyatini oshirishga qaratilgan yangi investitsiya dasturini amalga oshirishga kelishib oldilar.

    Xuddi shunday tarzda, Sabic, Dr. Sulaiman Al-Habib Medical Group, Al Rajhi International, Ajlan & Bros, Al Hokair Group, Jamjoom Pharma va boshqalar bilan kimyo sanoati, tibbiyot va farmatsevtika sanoati, qishloq xoʻjaligi va chakana savdoda loyihalarni amalga oshirishning hozirgi holati tahlil etildi. Shuningdek, mavjud kelishuvlarni faol amalga oshirish boʻyicha saʼy-harakatlarni kuchaytirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi.

    Uchrashuv yakunlari boʻyicha muhokama etilgan barcha kelishuv va loyihalar bajarilishining har kungi monitoringini olib borish va ijrosini tezlashtirish doirasida chora-tadbirlar koʻrish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.