Tanlovga Shveysariyaning 16 ta muassasalaridan 7 ta davlat bilan hamkorlikda turli xil ilmiy yo'nalishlarda jami 31 ta loyiha taqdim etildi. Tanlov shartlariga muvofiq ushbu loyihalarning faqat uchdan bir qismi moliyalashtiriladi. Loyihalarning yakuniy tanlovi bir nechta ilmiy mezonlarga asoslanadi.
Qo'mita a'zolarining muhokamalaridan so'ng Shveysariyaning Qor ko'chkilarini tadqiq qilish instituti ((WSL Institute for Snow and Avalanche Research SLF) va O'zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining O'zgidrometrologiya xizmati hamda Geologiya va geofizika instituti mutaxassislarini jalb qilgan holda ishlab chiqqan “Turli vaqtdagi radiolokasion sun'iy yo'ldosh ma'lumotlari va raqamli modellashtirish yordamida O'zbekistonda qor ko'chkisi xavfini baholash” loyihasi ma'qullandi. Loyiha 2 yilga mo'ljallangan.