Anjumanda senatorlar, deputatlar, shuningdek, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlari hamda Institutning Ilmiy-ekspert kengashi va “Qonunchilik muammolari axborotnomasi” tahririyati hayʼati aʼzolari, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti va mamlakatning boshqa yetakchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Oʻzbekiston va Singapur aloqalarining keyingi bosqichida milliy parlament oldida turgan vazifalar koʻrib chiqildi, ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilandi, bu borada ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish masalalari muhokama etildi. Shu bilan birga, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tayyorlangan “Singapur parlamenti” toʻplami taqdimoti oʻtkazildi.

Unda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosini 14 ta hujjat, shu jumladan, 6 ta davlatlararo va hukumatlararo shartnoma, 6 ta idoralararo va boshqa hujjatlar tashkil etishi, joriy yil 17-yanvardagi davlat tashrifi davomida esa Oʻzbekiston – Singapur hamkorligini yanada rivojlantirishga doir 8 ta hujjat imzolangani taʼkidlandi, hamda ularning mazmun-mohiyati masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Davra suhbati davomida qator ekspertlarning ikki davlat hamkorlik aloqalarining istiqbollariga bagʻishlangan maʼruzalari tinglandi. Maʼruzachilar Oʻzbekiston – Singapur hamkorligi izchil mustahkamlanib, yanada kengayib borayotganini hamda toʻqimachilik, kimyo, transport, taʼlim va boshqa sohalarda hamkorlikning muvaffaqiyatli namunalari va hozirgi dinamika siyosiy, diplomatik, savdo-iqtisodiy, taʼlim va madaniy-gumanitar jabhalardagi aloqalarni chuqurlashtirishga ijobiy taʼsir koʻrsatayotganini alohida taʼkidladi.

Davra suhbati davomida “Singapur parlamenti” toʻplami taqdimoti oʻtkazildi.

Tadbir soʻnggida Oʻzbekiston – Singapur parlamentlararo hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish yoʻlida oʻzaro fikr-mulohazalar almashildi, ilmiy-amaliy tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.