Qayd etilishicha, bugun, 24-iyul kuni Energetika vazirligi, Ozarbayjon Respublikasining Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) va “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻrtasida Ustyurt neft-gaz mintaqasidagi investitsiya bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni nazarda tutuvchi mahsulotni taqsimlash toʻgʻrisidagi Bitim imzolandi.
Xabarda maʼlum qilinishicha, Bitim shartlariga muvofiq, 1000 kvadrat kilometrdan kam boʻlmagan maydonda 3D seysmorazvedka ishlarini olib borish va natijalarga koʻra bitta quduqda geologiya-qidiruv ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Sanoat ahamiyatiga ega uglevodorod konlari topilgan taqdirda, tomonlar ularni oʻzlashtirish va keyinchalik qazib olish bosqichiga kirishadi.
Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudovning soʻzlariga koʻra, Ustyurt hududi yuqori istiqbolga ega va mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitim (MTB)ning imzolanishi uning samarali rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.