Muzokaralar chogʻida ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligini mustahkamlash imkoniyatlari va shart-sharoitlari muhokama qilindi.

Avtomobil, qishloq xoʻjaligi va maishiy texnika, elektrotexnika va toʻqimachilik mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish obyektlarini hamda qishloq xoʻjaligi sohasida qoʻshma korxonalarni tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlari koʻrib chiqildi.

Oʻzbekiston – Tojikiston savdo aylanmasining ijobiy dinamikasi qayd etildi: birgina joriy yilning dastlabki toʻrt oyida oʻzaro savdo hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 40%ga oshdi. Tomonlar mamlakatlar oʻrtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirish salohiyatini taʼkidlab, bu borada amaliy hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar. Kutilayotgan oliy darajadagi tashrif davomida imzolanishi rejalashtirilgan elektrotexnika, kimyo, toʻqimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika va oziq-ovqat ishlab chiqarish sohasidagi yangi savdo shartnomalari roʻyxati yuzasidan oʻzaro kelishishni yakuniga yetkazish boʻyicha yakdil fikr bildirildi.

Shuningdek, qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar, xususan, Xatlon viloyatining Boxtar shahrida birinchi oʻzbek-tojik mintaqalararo forumini tashkil qilish masalalari koʻrib chiqildi. Forum doirasida ishtirokchilarining Tojikiston hududidagi erkin iqtisodiy zonalarga tashriflari, shuningdek, ikki mamlakat rasmiy va ishbilarmon doiralari vakillarining “B2B” va “G2B” shakllarida oʻzaro uchrashuvlari tashkil etiladi.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakat sanoat tarmoqlarining raqobat ustunliklarining chuqur tahlili va savdo-iqtisodiy, transport va logistika hamkorligini yana-da oshirish boʻyicha aniq takliflar asosida sanoat kooperatsiyasining yangi loyihalarini ishlab chiqish maqsadida Oʻzbekiston va Tojikistonning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlaridan iborat ishchi guruhini tuzish boʻyicha kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.