Mamlakatlar oʻrtasidagi uzoq yillik harbiy va strategik munosabatlar Anqarada imzolangan mazkur yangi kelishuvlar bilan yanada mustahkamlandi.
Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Guler Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Shuxrat Xalmuxamedovni Milliy mudofaa vazirligida rasman kutib oldi. Yakkama-yakka va delegatsiyalar darajasidagi uchrashuvlarda mintaqaviy xavfsizlik va mudofaa sanoati sohasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvdan soʻng ikki mamlakat oʻrtasidagi harbiy salohiyat va muvofiqlashtirish masalalariga qaratilgan muhim hujjatlar imzolandi.
Rasmiy marosimdan soʻng Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Guler Oʻzbekiston bilan mudofaa sohasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga koʻtarilayotganini taʼkidladi. General-leytenant Shuxrat Xalmuxamedov hamkasbining ushbu soʻzlarini tasdiqlar ekan, Turkiyaning mudofaa sanoati va harbiy tayyorgarlik tajribasi Oʻzbekiston armiyasini modernizatsiya qilish, harbiy salohiyatni har jihatdan yanada mustahkamlashda muhim rol oʻynashini qayd etdi.
Xususan, 2026-yilgi harbiy hamkorlikni amalga oshirish rejasida mamlakatlar harbiy boʻlinmalarining qoʻshma mashqlari, kadrlar malaka almashinuvi va texnik hamkorlik bosqichlari oʻrin olgan. Harbiy tibbiyot yoʻnalishidagi kelishuvlar amaliyoti esa ikki mamlakat armiyalari oʻrtasida harbiy shifokorlarning malakasini oshirish, harbiy gospital boshqaruvi va harbiy-tibbiy texnologiyalarni oʻrganish, tajriba almashish hamda turli darajadagi treninglarni oʻz ichiga oladi.