Tashrif doirasida siyosiy va biznes darajasidagi uchrashuvlar oʻtkazildi. Asosiy maqsad – ikki mamlakat agrosanoat salohiyati asosida savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash va faol rivojlantirishdan iborat.

Uchrashuvlar chogʻida Qishloq xoʻjaligi vazirligida ikki tomonlama muzokaralar doirasida uchta hujjat imzolandi:

– Agrosanoat sohasida strategik sheriklikni kengaytirish boʻyicha Yoʻl xaritasi;

– Oʻzbek-turk qoʻshma ishchi guruhining qishloq xoʻjaligi sohasidagi uchinchi yigʻilishi yakuniy bayonnomasi;

– Qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari va taraqqiyoti sohasida ikki mamlakat agrar vazirliklari oʻrtasidagi hamkorlik maqsadlari yuzasidan bayonnoma.

Shuningdek, delegatsiya tarkibidan Xalqaro munosabatlar bosh boshqarmasi (ABDGM) bosh direktori Chaglayan Ozjan Aylin, Qishloq xoʻjaligi korxonalarini rivojlantirish bosh boshqarmasi (TIGEM) bosh direktori Koʻjabay Sait, Oʻrmon xoʻjaligi bosh boshqarmasi (OGM) bosh direktori Karajabey Bekir va boshqalar oʻrin oldi.

Ikki soatlik Oʻzbek-turk biznes forumi Oʻzbekiston tomonidan qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xodjayev hamda Turkiya tomonidan qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vaziri Bekir Pakdemirli boshchiligida oʻtkazildi, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.

Biznes-forumning asosiy maqsadlari:

Turkiya va Oʻzbekiston ishbilarmon doiralari oʻrtasida yangi savdo-iqtisodiy aloqalarni oʻrnatish;

urugʻchilik, intensiv bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligi sohalarida qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish;

ikki mamlakat ishbilarmonlari oʻrtasidagi savdo bitimlarini imzolash.

Asosan qishloq xoʻjaligi sohasidagi oʻzaro taʼsir doirasini kengaytirishga qaratilgan biznes-forumda Turkiya va Oʻzbekistonning davlat tashkilotlari va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

“Qishloq xoʻjaligining salohiyati 2019-yildan buyon bugungi kunga qadar 66 ta loyiha doirasida 401 million dollarlik turk investitsiyalarini jalb etgan. Bugungi kunga qadar 42 ta loyiha toʻliq ishga tushirilgan. Paxta va gʻalladan tashqari 80 dan ortiq turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining eksport salohiyatiga baho berildi. Kuni kecha biz turkiyalik tadbirkorlar bilan muloqot qilib, muammolar, toʻsiqlar va takliflar borasida soʻzlashdik. Albatta, muammolarni bartaraf etish va qiziqarli takliflarni amalga oshirish ustida ishlaymiz. “Davlat-biznes, biznes-biznes” formatdagi turli darajadagi muloqot platformalarini yaratish har ikki taraf ehtiyojlarini yaxshiroq tushunish, investitsiya va yangi texnologiyalarni jalb etishning asosiy vositalaridan biri boʻlib, bu pirovardida ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga olib keladi”, dedi Jamshid Xodjayev.