Uchrashuv doirasida, shuningdek, Turkiya eksportchilari assambleyasi, Turkiya tadbirkorlar va hunarmandlar uyushmasi, Turkiya pudratchilar uyushmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibdagi ikki tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Tomonlar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga Turkiya investitsiyalari oqimining jadal oʻsishi bilan tavsiflanadigan investitsiyaviy hamkorlik sohasidagi tendensiyalarni muhokama qildilar, shuningdek, Oʻzbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan turk tadbirkorlariga tizimli yordam koʻrsatishga oʻzaro sodiqligini taʼkidladilar.

Uchrashuvda, shuningdek, ikki tomonlama savdo munosabatlarini rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari, jumladan, yaqin kelajakda oʻzaro savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish maqsadida savdo aylanmasini oshirish boʻyicha navbatdagi qoʻshma chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Shu nuqtayi nazardan, ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari ekspertlarining oʻzaro hamkorligini jadallashtirish va mavjud masalalar boʻyicha oʻzaro maqbul yechimlarni ishlab chiqish orqali Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim loyihasini kelishishni tezlashtirishga oid birinchi darajali vazifalar belgilab olindi. Tomonlarning fikricha, Bitimning imzolanishi ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy sheriklikning mustahkamlanishiga sezilarli turtki beradi.

Tomonlar, shuningdek, elektron tijorat sohasida amaliy sheriklikni yoʻlga qoʻyish dolzarbligini taʼkidladilar va bu borada ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida hozirgi vaqtda kelishish bosqichida boʻlgan tegishli hujjatni yaqin kelajakda imzolashni belgilab oldilar.

Bundan tashqari, ikki mamlakat standartlashtirish xizmatlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish orqali texnik tartibga solish, standartlashtirish, muvofiqlikni baholash, akkreditatsiya va metrologiya sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Bunda oʻzaro mahsulot yetkazib berishni amalga oshirishda oʻzbek va turk ishlab chiqaruvchilariga toʻsqinlik qiluvchi gʻovlarni bartaraf etish umumiy maqsad qilib qoʻyildi.

Muloqot chogʻida Turkiya tomoni Oʻzbekiston tomonidan xalqaro iqtisodiy makonga integratsiyalashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi hamda muzokaralar jarayoniga jalb etilgan oʻzbek mutaxassislari uchun treninglar va maslahatlashuvlar tashkil etish orqali Jahon savdo tashkilotiga (JST) aʼzo boʻlish jarayonida har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv va muzokaralar yakunida “Oʻzstandart” Agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi va Turkiya Respublikasining Akkreditatsiya agentligi oʻrtasida “Halol” standartini joriy etish borasida Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.