Oʻzbekiston va Turkiya TIV rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 25 Yanvar 2023 1876

    2023-yil 24-yanvarda Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishi doirasida Oʻzbekiston va Turkiya TIV rahbarlari Baxtiyor Saidov va Mevlut Chavushoʻgʻluning ikki tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    M.Chavushogʻlu Oʻzbekistonning IHTga raisligi Tashkilot doirasidagi oʻzaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash, uning jahon maydonidagi nufuzini oshirishga xizmat qilganini taʼkidladi.

    Boʻlajak ikki tomonlama tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlari, jumladan, tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasidagi Strategik rejalashtirish guruhi hamda Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Turkiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yigʻilishlarini oʻtkazish masalalari koʻrib chiqildi.

    Afgʻonistondagi mavjud vaziyat va mintaqaviy siyosatning boshqa masalalari muhokama etildi.

    Uchrashuvda ikki davlat oʻrtasidagi madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish masalalari ham koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.