Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi raisi Ravshanbek Alimov hamda Ukraina Oliy Radasi Agrar va yer siyosati masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Stepan Chernyavskiy rahbarligida oʻtgan tadbirda ikki mamlakat hamkorlik guruhlari aʼzolari ishtirok etdi.

Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari, oʻzaro savdo hajmini oshirish, birgalikda ilmiy-maʼrifiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, xususan, mashinasozlik, farmatsevtika va boshqa sohalarda hamkorlik qilish, shuningdek, transport-logistika infratuzilmasidan samarali foydalanishdan ikki mamlakat manfaatdor ekani taʼkidlandi.

Tomonlar ikki mamlakat qonunchilik organlari oʻrtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qonun ijodkorligi va parlament nazoratining turli jihatlari yuzasidan tajriba almashish muhimligini taʼkidladilar. Parlamentlararo, shu jumladan, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasida hamkorlikni kuchaytirish mexanizmlari xususida fikr almashildi.

Munosabatlarni parlamentlararo doʻstlik guruhlari formatida davom ettirish muhimligi qayd etildi. Parlament delegatsiyalarining oʻzaro tashriflarini tashkil etish hamda kun tartibini yangi amaliy mazmun bilan toʻldirish yuzasidan kelishuvga erishildi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasining Ukrainadagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher Kurmanov hamda Ukrainaning Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Nikolay Doroshenko ishtirok etdi.