Suhbat chogʻida davlatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda ijobiy dinamika kuzatilayotgani, bunga Oʻzbekiston rahbarining joriy yil oktyabr oyi boshida Vengriyaga tashrifi katta turtki bergani taʼkidlandi.
Tomonlar amaldagi kelishuvlarni hayotga tatbiq etishning amaliy jihatlarini muhokama qildilar. Oʻzbekiston va Vengriya oʻrtasida umumiy qiymati 1,2 milliard dollarlik 42 ta hujjatni jadal ijro etish boʻyicha chora-tadbirlarni tahlil etish va ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratdilar. Xususan, qishloq xoʻjaligi, avtomobilsozlik, farmatsevtika, bank-moliya, transport va logistika sohalarida, shuningdek, suv xoʻjaligi jarayonlarini raqamlashtirish sohasida qoʻshma investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlik qilish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Xususan, Vengriyaning Bona Farm, Master Good va Kite kompaniyalari vakillarining parrandachilik klasterlarini tashkil etish, intensiv bogʻdorchilik va meva-sabzavotlarni qayta ishlash, RABA va Joison Safety Systems kompaniyalari xodimlarining avtomobilsozlik sanoati uchun butlovchi qismlarni yetkazib berishni tashkil etish, Meditop, Femfelgozzo, Gideon Rixter kompaniyalari innovatsion dori vositalari, tibbiy mebellar va tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqarish uchun yuqori texnologiyali farmatsevtika korxonalarini yaratish kabi loyihalarini batafsil oʻrganish maqsadida tashriflarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Bank-moliya sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, tomonlar Oʻzbekiston-Vengriya qoʻshma investitsiya jamgʻarmasini yaratish imkoniyatlarini koʻrib chiqdilar, shuningdek, OTP Group bilan loyihani amalga oshirishni faollashtirishga kelishib oldilar.
Transport-logistika sohasida ikki tomonlama hamkorlikning jihatlari alohida koʻrib chiqildi. Tomonlar Wiz Air aviakompaniyasi bilan Samarqand – Abu-Dabi toʻgʻridan-toʻgʻri reyslari muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyilganini olqishladilar va oʻzbekistonlik investorlar ishtirokida qoʻshma aviatashuvchi kompaniyani yaratish masalasini muhokama qildilar. Havo qatnovi toʻgʻrisidagi Hukumatlararo bitimni imzolashni tezlashtirishga kelishildi.
Suv xoʻjaligi jarayonlarini raqamlashtirish sohasida kompleks chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish va tegishli ilmiy muassasalar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Muzokaralar yakunlari boʻyicha tomonlar hamkorlikning muhokama qilingan yoʻnalishlarini amalga oshirish maqsadida “Yoʻl xaritalari” va dasturlarini bajarish boʻyicha qoʻshma ishlarni davom ettirish va aniq amaliy choralar koʻrishga sodiqligini bildirdilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.