Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev va mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan boʻlib turgan Vyetnam Milliy majlisi Raisi Chan Txan Man kirish soʻzlari bilan ochib berdi.
Davra suhbatida soʻzga chiqqan Turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash muhimligini taʼkidlab, turizm ikki mamlakat iqtisodiyotida muhim oʻrin tutib, nafaqat iqtisodiyotni rivojlantirish, balki xalqlar oʻrtasidagi madaniy almashinuvga ham hissa qoʻshishini taʼkidladi.
Shuningdek, viza rejimini soddalashtirish hamda Oʻzbekiston va Vyetnamda oʻtkaziladigan xalqaro sayyohlik koʻrgazmalarida ishtirok etish orqali ikki mamlakat turizm salohiyatini birgalikda targʻib qilish masalalari ham koʻrib chiqildi.
Davra suhbati yakunida B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi. Unda Turizm qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Jamshid Abdusalomov Vyetnam Madaniyat, sport va turizm vaziri oʻrinbosari Fan Tam, shuningdek, Vyetnamning “Sovico Group” va “Vietnam Airlines Corporation” kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi. Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish yoʻllarini muhokama qildilar.