Soʻnggi paytda Oʻzbekistonda migratsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar Yapon kompaniyalarida ham katta qiziqish uygʻotdi. Bu esa ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarning tabora mustahkamlanib borishiga sabab boʻlyapti.

2020-yilning 22-sentyabrida Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi vakillari Yaponiyaning “Aoikai Medical Corporation” kompaniyasida boʻlib, ikki davlat oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yana-da rivojlantirish borasida bir necha takliflarni oʻrtaga tashlagan edi. Bugungi tadbirni ana shu uchrashuvning mantiqiy davomi, deyish mumkin.

Tibbiyot akademiyasi bilan Yaponiyaning “Aoikai Medical Corporation” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan memorandum yaqin kelajakda Tibbiyot akademiyasi yoshlarining kunchiqar mamlakatda oʻqish va ishlash imkoniyatini beradi.

Uchrashuvda Eryo Sosey Universiteti prorektori, geinness rekordlar kitobiga kirgan mashhur inson, suzish boʻyicha uch karra jahon chempioni Tyagachi Nabutaka kompaniya va oʻzi haqidagi qiziqarli maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Uchrashuvda talaba yoshlar uchun katta imkoniyat mavjudligi borasida qiziqarli maʼlumotlar berildi. Xususan, ular yapon tilini bilish darajasiga qarab, Yaponiyada oʻqish uchun maxsus grant loyihalarida ishtirok etishlari mumkin.

Memorandum shartlariga koʻra korporatsiya iqtidorli talabalarni 100 foizli grant asosida oʻqishga qabul qilishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Dunyo miqyosida eng uzoq umr koʻruvchilar roʻyxatida turadigan yaponlar uchun ijtimoiy himoya tizimi mukammal ishlab chiqilgan.Hatto bu borada davlat dasturi ishlab chiqilgan.

Unga koʻra, chet eldan ishga jalb etilayotgan tibbiyot xodimlari va yosh mutaxassislar qariyalar va yakka yolgʻiz keksalarni parvarishlash, ularga tibbiy yordam koʻrsatish ishlariga taklif etiladi.

Eslatib oʻtamiz: bu nufuzli korporatsiyaga 1978-yilda asos solingan. Uning asosiy faoliyati tibbiyot, ijtimoiy yordam va mehmonxona xizmatidan iborat.

15 mingdan ortiq ishchi kuchiga ega kompaniyada ayni paytda 300 nafarga yaqin chet ellik fuqaro mehnat qiladi.

Korporatsiya tarkibida 30 ta kasalxona, 81ta keksalarni parvarishlash markazi, 11 ta maktabgacha taʼlim muassasasi, yapon tili markazi, kollej va tibbiyot sohasiga ixtisoslashgan universitetlar mavjud.

Toshkent tibbiyot akademiyasi matbuot xizmati