Oʻzbekiston vakillari havo yoʻnalishlarini rivojlantirish boʻyicha global forumda ishtirok etdi

    “Uzbekistan Airports” kompaniyasi vakillari Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib oʻtgan “World Routes Forum- 2023”da ishtirok etdi.

    Kompaniya maʼlumotiga koʻra, forum doirasida “Uzbekistan Airports” vakillari Yevropa, Amerika, Yaqin Sharq va Osiyoning 56 ta aviakompaniyalari mutasaddilari bilan muzokaralar oʻtkazishdi. 18 ta kompaniya yaqin va oʻrta muddatli istiqbolda Oʻzbekiston aeroportlari bilan hamkorlik qilishdan manfaatdorligini bildirdi.

    Jumladan, Polshaning “LOT”, Germaniyaning “Lufthansa”, Turkiyaning “Sunexpress”, Janubiy Koreyaning “Jeju Air” va jahon miqyosida yetakchilardan biri “Qatar Airways” aviakompaniyalari parvozlarni qayta tiklashga jiddiy qiziqish bildirmoqda.

    Shuningdek, “FlyDubai” va “Jazeera Airways” vakillari bilan parvozlar geografiyasini kengaytirish va mavjud reyslar sonini oshirish boʻyicha muzokaralar olib borildi. Bundan tashqari, “Lufthansa”, “Thai Cargo” va “Qatar Airways” kompaniyalari bilan yuk reyslarini tashkil etish yuzasidan muloqotlar oʻtkazildi.

    “The World Routes Forumi” aeroportlar, aviakompaniyalar, yetkazib beruvchilar, investorlar, xalqaro va mintaqaviy assotsiatsiyalar, milliy turizm tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini birlashtiruvchi dunyodagi eng nufuzli aviatsiya tadbirlaridan biri hisoblanadi.

    Forum oldindan rejalashtirilgan 20 daqiqalik ishchi uchrashuvlardan iborat boʻlib, real vaqt rejimida ishchi aloqalarni oʻrnatish imkoniyatini yaratadi. Joriy yilda, mazkur forumda delegatlar soni 3000 kishidan ortdi: 300 dan ortiq aviakompaniyalar, 700 ta aeroportlar, 130 ta sayyohlik agentliklari, 10 ta xalqaro sohaviy tashkilotlar, 150 ta yetkazib beruvchilar va 110 ta davlatdan 60 ta aviatsiya sohasini yorituvchi OAV vakillari ishtirok etdi.