Bundan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston va Misr paxta sanoati idoralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va “ICTC” huzuridagi yangi kasb taʼlimi dasturlari bo‘yicha o‘zbekistonlik mutaxassislarning bilim, malaka va ko‘nikmalarini oshirishlari uchun amaliyot o‘tashini taʼminlash masalalarini muhoka qilish bilan izohlanadi.
Diplomatiya missiyasi rahbari “ICTC” raisi Muhammad Halil Xidr bilan uchrashuv chog‘ida tashkilot laboratoriyalari va “ICTC” faoliyati bilan yaqindan tanishdi. “ICTC” rahbarining aytishicha, 1965 yilda tashkil etilgan ushbu markazning asosiy maqsad va vazifalari dunyoga mashhur, uzun, mustahkam tolali Misr paxtasi sifatini saqlash va uning zararlanishining oldini olishdan iborat.
Markazda Osiyo va Afrika mamlakatlari mutaxassislari uchun “ICTC” huzurida 7-30 kunlik pullik o‘quv kurslari tashkil etiladi. Ularda paxta navlarini ajratish va klassifikatsiya qilish, namunalar asosida maxsus tekshiruvlar o‘tkazish, namlikni aniqlash, tozalash, zararkunandalarga qarshi kurashish, yigiruv va to‘quv mahsulotlarining sifatini belgilash, paxta vaznini o‘lchash, marketingini amalga oshirish, uning eksportiga oid masalalar va boshqa dolzarb dasturlar bo‘yicha kasbiy taʼlim va malaka oshirish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib boriladi.
Misrda paxta yig‘imi oktyabr-yanvar oylariga to‘g‘ri kelgani bois, eng maqbul va samarali o‘quv kurslari ushbu muddatda tashkil etilishi taʼkidlandi. Muhammad Xidr O‘zbekiston bilan paxta sohasida hamkorlik o‘rnatishdan mafaatdor ekanligini maʼlum qildi.
Uchrashuv natijasida tomonlar bir guruh o‘zbekistonlik mutaxassislarning “ICTC”ning bir oylik o‘quv kurslarida ishtirok etishini tashkil qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.