Turkiyaning Bursa shahrida Turkiy tilli davlatlar tashkiloti, Turkiya madaniyat va sport vazirligi, Otaturk nomidagi madaniyat, til va tarix yuksak qurumi hamda Turk til qurumi hamkorligida “Tilda, fikrda, ishda birlik: turk dunyosi adabiyot (roman) mukofoti” topshirilishiga bagʻishlangan tantanali xalqaro marosim boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Oʻzbekiston, Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Shimoliy Kipr kabi davlatlardan taklif qilingan adib va olimlar qatori, bir qancha rasmiy kishilar, turkiy tilli davlatlarning elchilari ishtirok etdi.

Turkiya Prezidenti Rajab Tayyib Erdoʻgʻanning tadbir ishtirokchilariga yoʻllagan maktubi oʻqib eshittirildi. Har bir davlatdan bir yozuvchiga 2022-yil Turk dunyosi adabiyot mukofoti topshirildi. Ushbu yuksak mukofotga yurtimizdan Oʻzbekiston xalq yezuvchisi Isajon Sulton loyiq koʻrildi. Fursatdan foydalanib, sevimli adibimizni ushbu nufuzli mukofot bilan muborakbod etamiz.