Oʻzbekiston Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikni izchil kengaytirishni maqsad qilgan

    Investitsiyalar 15 Sentabr 2021 550

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) boshqaruvchi direktori Maxtar Diop bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Muzokaralar chogʻida Oʻzbekiston va XMK oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. M.Diop Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar koʻlami va surʼatlariga yuqori baho berib, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga sodiqligini bildirdi.

    XMK rahbariyatiga moliya bozorini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik, qishloq xoʻjaligi, transport va sogʻliqni saqlash sohalarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlarni amalga oshirishda koʻrsatilayotgan maslahat va texnik yordam uchun minnatdorlik bildirildi.

    Oʻzbekistonda muqobil energetika va kimyo sanoati sohalarida keng koʻlamli loyihalarni ilgari surishda XMK ning oʻrni yuqori baholandi.

    Muloqot chogʻida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish uchun xususiy investitsiyalarni jalb etishni nazarda tutgan holda aralash moliyalashtirishning innovatsion vositalarini joriy etishda XMKning texnik yordamini jalb etish masalasi muhokama qilindi.

    XMK rahbariyati shuningdek, Oʻzbekiston Hukumati va Islom taraqqiyot banki tomonidan boshqariladigan Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamgʻarmasi faoliyatida moliyalashtirish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda texnik yordam koʻrsatish orqali ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

    Tomonlar Oʻzbekistonda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, shuningdek, bu yoʻnalishda XMKning yangi vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratdilar.

    Muqobil energiya sohasida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etishning muvaffaqiyatli tajribasini boshqa sohalarga, jumladan, sogʻliqni saqlash, taʼlim, jamoat transporti, qattiq chiqindilarni boshqarish va uy-joy kommunal xoʻjaligiga yoyishda XMK yordamini jalb etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Tomonlar, shuningdek, korxonani moliyalashtirish mexanizmini jalb etish orqali axborot texnologiyalari sohasidagi boshlangʻich loyihalarni ilgari surish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.