Ravshan Haydarov boshqaruvidagi jamoamiz ayni paytda “C” guruhida Koreya bilan birgalikda 4 ochko jamgʻargan. Bugungi bahsdagi gʻalaba vakillarimizga guruh peshqadami sifatida chorak final yoʻllanmasini taqdim etadi.
Parallel uchrashuvda Eron va Livan yoshlar terma jamoalari oʻzaro kuch sinashadi.
Musobaqa reglamentiga koʻra, Oʻzbekiston Koreya Respublikasini magʻlub etsa, “C” guruhida 1-oʻrin bilan chorak finalga chiqadi. Parallel bahsda Livanning gʻalabasi ham jamoamizni keyingi bosqichga chiqishiga xizmat qiladi.
Agar Eron Livanni magʻlub etsa, Koreya bilan uchrashuvdagi durang natija ham jamoamizni keyingi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Reglamentga asosan:
- Oʻzbekiston — Koreya Respublikasi oʻyinida golli durang (1:1, 2:2, 3:3) qayd etilsa, parallel bahsdagi natijadan qatʼi nazar, Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi chorak finalga yoʻl oladi (oʻzaro oʻyinlardagi urilgan gollar hisobiga koʻra).
- Agar 0:0 hisobidagi durang qayd etilib:
- Eron Livanni kamida ikki toʻp farqi bilan magʻlub etsa — Eron keyingi bosqichga chiqadi.
- Eron Livanni bir toʻp farqi bilan magʻlub etsa (1:0, 2:1) — Oʻzbekiston chorak finalga yoʻl oladi.
- Eron 3:2 hisobida gʻalaba qozonsa, toʻplar nisbati tenglashadi va Oʻzbekiston hamda Eron oʻrtasida sariq-qizil kartochkalar soni hisobga olinadi.
Maʼlumot uchun, 3-turdan oʻrin olgan barcha uchrashuvlar Toshkent vaqti bilan soat 16:30 da bir vaqtda boshlanadi. Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasi Koreya Respublikasiga qarshi oq libosda, darvozabonimiz esa qora libosda maydonga tushadi.
Uchrashuv Saudiya Arabistonining Riyod shahridagi “Prince Faisal Bin Fahd” stadionida boʻlib oʻtadi.