O'zbekiston yoshlari uchun yangi davr

    Yoshlarning professional ta'lim maktablari, texnikumlarda o'qishi uchun to'lanadigan kontrakt summasining daromad solig'idan ozod etilishi ko'pchilik ota-onalarni, yigit-qizlarni quvontirdi.

    Mamlakatimiz aholisining qariyb 60 foizdan ortigʻini yoshlar tashkil etadi. Tabiiyki, ushbu qatlamning oʻy-fikri, muammo va orzu-umidlariga davlatimiz tomonidan alohida eʼtibor qaratiladi.

    Keyingi paytlarda yoshlarga eʼtibor, ularning kelajagiga gʻamxoʻrlik, daxldorlik hissi har qachongidan-da ortdi. Yurtimizdagi islohotlar mazmuniga ertamiz egalariga doir muhim masalalar ham kiritildi. Ularni uzoq yillar qiynab kelgan muammolarni hal etish talabi ilgari surildi. Prezidentimiz yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida “27 yil yoshlarni oʻqitmadik, dardiga quloq tutmadik. Yoshlar bizdan 20 baravar ilgarilab ketdi. Ularga yetish uchun koʻproq ishlash, oʻrganish kerak”, deganda mutlaqo haq gapni aytdi. Uzoq yillar yoshlar bilan ishlashga yuzaki qaralgani, ular bilan hamnafas yashashga intilish yetarli boʻlmagani tufayli bugun hal etishimiz zarur boʻlgan masalalar yigʻilib qoldi.

    Bugun — yoshlar masalasida gap ketganda hech kim chetda turmaydigan payt. Ularning muammosi — barchaning muammosi ekani ayni haqiqat. Bugun hammamiz yakdil, hamjihat harakat qilsak, yoshlarning hayotiy qiyinchiliklar, maqsadi yoʻlidagi toʻsiqlarni yengib oʻtishiga koʻmaklashgan boʻlamiz. Yigʻilishda ham aynan shu masalalar xususida soʻz bordi.

    Xususan, yoshlar bilan ishlaydigan muassasalar imkoniyati kengaytiriladigan boʻldi. Jumladan, yoshlarni ishga qabul qilgan korxona yoki kompaniyalarga ushbu xodimlar uchun toʻlanadigan ijtimoiy soliq qaytarib beriladi. Aytaylik, yetti yuz ming yoshni ishga qabul qilgan tadbirkorlar ixtiyorida bir trilliondan ziyod sarmoya qoladi. Bu mexanizm yoʻlga qoʻyilishi natijasida tadbirkorlar ham, yoshlar ham manfaatdor boʻladi.

    Odatda “Yoshlar daftari”ga 18 yoshdan 30 yoshgacha boʻlgan ijtimoiy himoyaga, iqtisodiy va psixologik qoʻllab-quvvatlashga muhtoj, ishsiz yoshlar kiritiladi. Mazkur platformaga kiritilgan yigit-qizlarga amaliy yordam berish borasida ham tizimli ishlarni bajarish koʻzda tutilgan. Jumladan, roʻyxatga kiritilgan talabalar korxona va kompaniyalarda amaliyot oʻtasa, ularga 500 ming soʻmgacha subsidiya ajratiladigan boʻldi. Bu esa yoshlarning kasb-hunar oʻrganishga qiziqishini oshirish uchun yana bir ragʻbatdir.

    Bugun yoshlar bandigi masalasi kun tartibida turibdi. Davlatimiz rahbari bu muammoning yechimini ham oʻzi taklif etdi. Misol uchun, “Yoshlar daftari”ga kirgan besh nafardan ortiq ishsizning bandligini taʼminlagan tadbirkorlarga davlat mulki ijarasi uchun ellik foizgacha imtiyoz qoʻllanadigan boʻldi. Endi tadbirkorlar ijara haqidan tejab qolgan mablagʻlari evaziga oʻz faoliyatini yana-da kengaytirishi, yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

    Bugungi tezkor va globallashgan davr yuqori malakali dasturchi va mutaxassislar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirishni talab etmoqda. Shu maʼnoda har bir hududda “Bir million dasturchi” loyihasining amaliyotga tatbiq etilishi yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Deylik, loyihani muvaffaqiyatli tamomlagan va qoʻlida sertifikati bor yoshlar oʻz faoliyatini mustaqil boshlashi uchun yetarli mablagʻi boʻlmasa, kompyuter xarid qilish uchun “Mirkokreditbank”, “Aloqabank” va “Xalq banki” kreditlar ajratiladi. Eng quvonarlisi, ushbu kreditlarning foiz stavkalari davlat byudjeti tomonidan toʻliq qoplanadi.

    Xususiy korxonalarda yangi ish boshlagan xodimlarni qayta tayyorlash xarajatining bir million soʻmgacha boʻlgan qismiga subsidiya berilishi ham sifatli kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. Yangi bilim va gʻoyalarga boy boʻlgan xodim oʻzi ishlayotgan korxonaning obroʻsi, mavqeini oshirish uchun sidqidildan mehnat qiladi. Bunday joyda oʻz-oʻzidan yuksalish, oʻsish boʻladi.

    Yoshlarning professional taʼlim maktablari, texnikumlarda oʻqishi uchun toʻlanadigan kontrakt summasining daromad soligʻidan ozod etilishi koʻpchilik ota-onalarni, yigit-qizlarni quvontirdi. Ikki va undan ortiq farzandi taʼlim oladigan oilalar roʻzgʻori uchun qancha mablagʻ tejalishini bir tasavvur qilib koʻring. Yana bir quvonarli jihat shuki, talabalar ijara toʻlovining yarmi davlat tomonidan qoplanadigan boʻldi.

    Subsidiyalar berishning ochiq-oshkoraligini taʼminlash maqsadida elektron platforma ishga tushiriladi. Yoshlar ushbu platformadan tunu kun foydalanishi, muammosi boʻyicha moliya vaziriga murojaat qilishi mumkin.

    Hududlarda yetmish yettita yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasi ishga tushiriladi. Shuningdek, bu yil qoʻshimcha yigirma mingtagacha oʻrta tibbiyot va ijtimoiy xodimlar shtatini tashkil etish hisobiga minglab yoshlarning bandligi taʼminlanadi. Chekka hududlarda, hatto baʼzi shahar, tuman markazlarida ham tibbiyot xodimlariga talab yuqori. Yurtdoshlarimizning turmush darajasiga hamohang tarzda oʻz salomatligiga eʼtibori, tibbiy madaniyati ham oshyapti. Bunday holatda tibbiyot muassasalaridagi xodimlarning hozirgi soni aholining tibbiy xizmatga ehtiyojini qondirolmay qolishi mumkin. Shu bois ham Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlarini tamomlagan yigit-qizlarning bandligini taʼminlash sogʻliqni saqlash sohasiga tushadigan bosimni kamaytiradi.

    Yigʻilishda yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga ham eʼtibor qaratilib, bu borada “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyatiga toʻxtalib oʻtildi. Respublikadagi mavjud 215 ta ana shunday markazning imkoniyatlaridan toʻliq va samarali foydalanish koʻzda tutilmoqda. Toʻgaraklar ochish, tarmoq filiallarini tashkil etish orqali yoshlar qamrovi oshiriladi. Bundan tashqari, yoshlarda sport, madaniyat va sanʼatga qiziqish uygʻotish uchun mahalla, tuman, viloyat, qolaversa, respublika darajasidagi koʻrik-tanlov va musobaqa oʻtkaziladi. Albatta, yigit-qizlarning nufuzli xalqaro sport, madaniyat, sanʼat va fan tanlovlarida ishtiroki bilan bogʻliq xarajatlarni qoplash tizimi yoʻlga qoʻyilishi ham quvonarlidir.

    Oliy taʼlim muassasalari atrofidagi mahallalarda yashaydigan, uyushmagan yoshlarni xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport, madaniyat va kitobxonlik toʻgaraklariga jalb etish, ularning maʼnaviy dunyoqarashini shakllantirishga koʻmaklashish hamda “Yoshlar daftari”ga kirgan yoshlar uchun oliy oʻquv yurtlariga bepul tayyorlov kurslarining ochilishi yana bir qulay imkoniyat. Davlatimiz rahbari bu boradagi ishlarning istiqboliga katta umid bildirib, “Shu tizim yoʻlga qoʻyilsa, shaharlarda vaziyat albatta oʻzgaradi, adashgan yoshlar soni keskin kamayadi”, dedi.

    Umuman olganda, Prezidentimiz raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi yoshlarimiz hayotida yangi sahifa ochilishidan dalolat beradi. Muhimi, berilgan topshiriqlarni masʼuliyat bilan bajarish, yurtimizdagi islohotlar mazmun-mohiyatini har bir yoshga yetkazishimiz zarur.

    Alisher SAʼDULLAYEV,

    Yoshlar ishlari agentligi direktori