Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri, YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiya raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida Oʻzbekiston Respublikasining YUNESKOdagi doimiy vakolatxonasini saʼy-harakati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitaga 4 yilga (2022-2026) aʼzo boʻldi.
Taʼkidlash kerakki, YUNESKOning ikkinchi mintaqaviy saylov guruhida (Sharqiy Yevropa va MDHning ayrim davlatlari) ikkita boʻsh oʻrin uchun beshta nomzod – Oʻzbekiston, Bolgariya, Bosniya va Gersegovina, Slovakiya hamda Estoniya oʻzaro kurash olib bordi.
Oʻzbekiston uchun eng koʻp davlat ovoz bergan – 105. Boshqa raqobatchi davlatlar quyidagicha ovoz olgan: Slovakiya (94 – ikkinchi boʻsh oʻringa saylangan), Estoniya (69), Bolgariya (26), Bosniya va Gersegovina (9).
Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitaning asosiy vazifalari — Konvensiya maqsadlarini ilgari surish, ilgʻor tajribalar boʻyicha yoʻl-yoʻriq koʻrsatish va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish chora-tadbirlari boʻyicha tavsiyalar berishdan iborat.
Qoʻmita ishtirokchi-davlatlar tomonidan nomoddiy merosni roʻyxatga kiritish toʻgʻrisidagi soʻrovlarni, shuningdek, dasturlar va loyihalar boʻyicha takliflarni koʻrib chiqadi. Qoʻmita xalqaro yordam koʻrsatishga ham masʼuldir. Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmita Konvensiyani amalga oshirishga tayyorgarlik koʻradi, asosan, operativ koʻrsatmalar toʻplamini va Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlaridan foydalanish rejasini ishlab chiqish Konvensiyaning 25-moddasida belgilangan. U ushbu hujjatlarni Bosh Assambleyaga tasdiqlash uchun taqdim etadi.
Hozirgi kunga qadar YUNESKO konvensiyasiga 180 ta davlat aʼzo boʻlgan. Oʻzbekiston Respublikasi ushbu konvensiyaga 2008-yilda qoʻshilgan.
Konvensiya doirasidagi YUNESKO insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga YUNESKO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi kotibiyati tomonidan quyidagi 9 ta element kiritilgan va 2022 – 2023-yillar uchun yana yangi 7 ta element nomzodnoma hujjatlari tayyorlanib, ushbu roʻyxatga kiritish uchun taqdim etilgan, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.