Matbuot anjumanda, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, Badiiy akademiyaning 2022-yildagi faoliyati, ustuvor vazifalar ijrosi, qoʻlga kiritlgan yutuqlar, hamda 2023-yilda amlga oshirishi lozim boʻlgan vazifalar, loyiha va rejalar xususida yigʻilganlarga batafsil maʼlumot berdi.
Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasi huzurida tasviriy va amaliy sanʼat asarlari savdosiga ixtisoslashgan “Toshkent auksion uyi” faoliyatini yoʻlga qoʻyilganligi, xorijdagi nufuzli auksion uylari bilan hamkorlik oʻrnatish va xalqaro art-yarmarkalarni tashkil etish, tasviriy va amaliy sanʼat asarlari katalogini chop etish kabi vazifalarning 2023-yilda amalga oshirilishi borasida ham soʻz yuritdi.
Shuningdek, Akmal Nuriddinov, Yosh rassomlarning Rossiyada malaka oshirishi, arxitektura, haykaltaroshlik hamda rassomlik yoʻnalishi boʻyicha Sankt-Peterburg davlat akademik instituti bilan hamkorlikni qayta tiklash masalalari koʻrib chiqilayotganini qayd etib oʻtdi.
Jumladan matbuot anjumanida, Badiiy akademiyaning Turkiya, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Chexiya va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarining mustahkamlanayotganligi, xalqaro ijodiy hamkorlik mahsuli sifatida , Ozarbayjonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi Chingiz Farzaliyev Abdul Majid oʻgʻli Oʻzbekiston Badiiy akademiyasining faxriy xorijiy aʼzoligiga qabul qilinganligini bildirdi.
Badiiy akademiya bosh ilmiy kotibi Feruza Abidjanova esa, Badiiy akademiya aʼzolari doimiy ravishda Rossiyadagi “Zolotoy feniks”, “Severnaya Venetsiya, “Belaya vorona” kabi xalqaro tadbirlarda ishtirok etib kelayotganligi va joriy yil ham oʻzaro ijodiy hamkorlik borasida bir qancha yangi loyihalar ishga tushirilishini maʼlum qildi.
Shuni maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan oʻzbek milliy merosini targʻib qilish borasida ilk bor Badiiy ijodkorlar uyushmasiga aʼzo 40 nafar rassom, xattot va naqqoshlarning 100 dan ziyod asarlaridan iborat “Oʻzbekiston zamonaviy miniatyurasi” katalogi 1 000 nusxada chop etilgan.
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri