Oʻzbekistonda 2025-yil I yarmida ishsizlik darajasi 0,4 foizga kamayib, 5,1 foizni tashkil etdi (Infografika)

    Oʻzbekistonda joriy yilning birinchi yarim yilligida ishsizlik darajasi 5,1 foizga teng boʻldi. Bu koʻrsatkich yil boshiga nisbatan 0,4 foiz punktga kamaygan.

    Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalari asosida uy xoʻjaliklarida oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovnoma natijalariga koʻra, mamlakatda mehnat resurslari 20,3 million nafarni tashkil etmoqda.

    Iqtisodiy faol aholi soni 15,4 million nafar boʻlib, shundan 14,6 million kishi band, 781,6 ming kishi esa ishsiz hisoblanadi.

    Band aholining 8 millioni (55 foiz) rasmiy sektorda, 4,8 millioni (33 foiz) norasmiy sektorda faoliyat yuritmoqda, 1,8 million kishi (12 foiz) esa xorijda ishlamoqda. Shu bilan birga, rasmiy bandlar soni oʻtgan davrga nisbatan 19 foizga oshgan, norasmiy bandlar esa 13,6 foizga kamaygan.

    Iqtisodiy nofaol aholi 4,9 million kishini tashkil etadi. Ular orasida ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olayotganlar – 2 million nafar (41 foiz), 2 yoshgacha bola parvarishi bilan band yoki tugʻish taʼtilida boʻlgan ayollar – 2,2 million nafar (44 foiz), ishlash istagi yoki imkoniyati yoʻq shaxslar – 0,8 million nafar (15 foiz)ni tashkil qiladi.

    2023-yil 1-iyulida ishsizlik darajasi 8,1 foizni, 2024-yilda esa 5,8 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilning birinchi yarim yilligida bu koʻrsatkich 5,1 foizga tushdi.