Qonun quyi palata tomonidan 25-oktyabr kuni qabul qilingan.
Qonun alkogol va tamaki mahsulotlarini, shuningdek, tamaki va nikotinni isteʼmol qilish uchun vositalarini 21 yoshga toʻlmagan shaxslarga sotishni taqiqlaydi.
Ushbu mahsulotlarni sotuvchining bevosita ishtirokisiz, shu jumladan savdo avtomatlari va boshqa elektron yoki mexanik qurilmalar orqali, oʻz-oʻziga xizmat koʻrsatish javonlaridan hamda elektron tijorat koʻrinishida sotish (bundan koʻpiklanadigan va tabiiy vinolar mustasno), shu jumladan, har qanday usul bilan yetkazib berish taqiqlanadi.
Ushbu mahsulotlarni koʻchma va sayyor savdo yoʻli bilan (qoʻl, lotoklarda, savatchalarda, qoʻl aravachalarida), koʻchmas savdo obyektlaridan tashqarida, dorixonalarda va bolalar tovarlarini sotish uchun moʻljallangan binolarda sotish taqiqlanadi.
Shuningdek, bolalar oʻyinchoqlari, shirinliklari yoki boshqa bolalar mahsulotlariga taqlid qiluvchi bunday mahsulotlarni sotish ham taqiqlangan.
Alkogolli va tamaki mahsulotlari hamda tamaki va nikotindan foydalanishga moʻljallangan vositalarini sogʻliqni saqlash tashkilotlari, taʼlim muassasalari, madaniyat muassasalari, sport-sogʻlomlashtirish muassasalari, sanatoriylar va tibbiy-ijtimoiy muassasalar hududida sotish mumkin emas.
Hujjat prezident tomonidan imzolanishi kerak. Shundan soʻng u uch oy muddatda, tamaki mahsulotlari, tamaki va nikotin isteʼmol qilish vositalariga qoʻyiladigan qadoqlash va markalash talablari toʻgʻrisidagi qoidalar esa bir yil ichida kuchga kiradi.