Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda bolalar huquqlarini taʼminlash va kafolatlash hamda ularni ijtimoiy himoya qilish, xususan, bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va toʻlash tizimini takomillashtirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida bolaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi mustahkamlab qoʻyildi.
Shuningdek, qonunchilikda aliment toʻlashdan boʻyin tovlaganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari kuchaytirilgan.
Qarzdor tomonidan uzrsiz sabablarga koʻra sud hujjati ijro etilmaganda qarzdorning mamlakatimizdan chiqishini vaqtincha cheklash mumkinligi belgilangan.
Shu bilan birga, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosida “Aliment toʻlovlari” jamgʻarmasi tashkil etilib, 50 mlrd soʻm mablagʻ ajratilgan.
Sohada olib borilgan islohotlar natijasida bir qator ijobiy natijalarga erishildi. Xususan, Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan 2024-yil davomida 2,1 trln soʻm mablagʻlar, shundan oldindan toʻlov sifatida 46,3 mlrd soʻm miqdorida aliment pullari undirilgan.
2025-yil yanvar holatiga koʻra, “Aliment toʻlovlari” jamgʻarmasi hisobidan 1 723 nafar undiruvchiga 40,6 mlrd soʻm mablagʻ toʻlab berilgan.
Shuningdek, oʻtgan yilda 13 252 ta oila yarashtirilgan, ishsiz boʻlgan 25 113 nafar qarzdor, shundan 8 201 nafari “Bandlik platformasi” orqali ishga joylashtirilgan.
Muhokama davomida bolalarning taʼminoti uchun aliment undirish va toʻlash jarayonida ayrim muammo va kamchiliklar borligi senatorlar tomonidan taʼkidlandi.
Xususan, Bosh qomusimizda ota-onalar oʻz farzandlarini voyaga yetguniga qadar toʻlaqonli va har tomonlama kamol topishi xususida gʻamxoʻrlik qilishga majburligi belgilangan boʻlsada, ayrim ota-onalar ushbu majburiyatiga masʼuliyat bilan yondashmayotganiga eʼtibor qaratildi.
2023-yilda 5 697 shaxs, 2024-yilda esa bu koʻrsatkich 35 foizga ortib, 8 833 shaxs moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlaganlik uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan hamda oʻtgan yilning oʻzida jinoyat ishlari boʻyicha sudlar tomonidan 1 109 ta ayblov hukmi chiqarilgan.
Muhokama davomida ish joyi boʻlmagan va daromadi aniqlanmagan qarzdorlardan alimentni undirish borasidagi ayrim muammolarga ham eʼtibor qaratildi.
Bolalarga aliment undirish va oilani taʼminlashning boshqa shakllarining xalqaro tartibi toʻgʻrisidagi Gaaga Konvensiyasiga qoʻshilish, “Aliment toʻlovlari” jamgʻarmasini shakllantirish manbalarini kengaytirish va aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimini Iqtisodiyot va moliya vazirligining Gʻaznachiligi elektron tizimi bilan integratsiya qilish vazifalari ijrosi kechikayotgani senatorlar tomonidan tanqid qilindi.
“Aliment toʻlovlari” jamgʻarmasi hisobidan 1 723 nafar undiruvchiga 40,6 mlrd soʻm mablagʻ toʻlab berilgan boʻlsada, ushbu mablagʻlarning atigi 2 foizi, yaʼni 849,2 mln soʻmi jamgʻarmaga qaytarilgani mazkur yoʻnalishda ham taʼsirchan choralar koʻrish lozimligi taʼkidlandi.
Bundan tashqari, Oila kodeksining 107-moddasiga asosan voyaga yetmagan bola sud qarori bilan ota-onasidan olinib, bolalar tarbiya muassasasiga joylashtirilgan boʻlsa, ota va onaning har biridan mazkur bola foydasiga belgilangan miqdorlarda alimentlar undiriladi. Bunda undirilgan alimentlar mazkur bola nomiga ochilgan bank hisobvaragʻida jamlanadi va u voyaga yetganda toʻlanadi.
Biroq voyaga yetmagan bolalar nomiga bank hisobvaragʻi ochishning huquqiy asoslari belgilanmaganligi uchun bugungi kunga qadar alimentlar boshqa hisobvaraqlarga toʻlab borilgan.
Muhokama yakunida yuqorida tilga olingan dolzarb masalalarni oʻz ichiga olgan parlament soʻrovini Vazirlar Mahkamasiga yuborish toʻgʻrisida Senat qarori qabul qilindi.








