Ushbu xalqaro simpoziumning 16-may kuni boʻlib oʻtgan sessiyasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ham oʻz maʼruzasi bilan ishtirok etdi.

Xususan, E.Tulyakov oʻz maʼruzasida Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda maʼmuriy sohada amalga oshirilgan islohotlar hamda erishilgan natijalar tahliliga batafsil toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, davlat organlarining inson manfaatlarini koʻzlab faoliyat yuritishi natijasida, islohotlarda samaradorlikka erishilgani, shuningdek, 2017-yilda faoliyati yoʻlga qoʻyilgan Maʼmuriy sudlar jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari bilan yuzaga kelgan munosabatlarini hal etishda muhim ahamiyat kasb etayotganini eʼtirof etdi.

— Soʻnggi 5 yilda maʼmuriy sudlar tomonidan 72 mingta murojaat va shikoyatlar koʻrib chiqilib, ulardan 65 foizi jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan xuquqlarini tiklagan holda qanoatlantirilgan, – dedi E.Tulyakov. – Hozirda Oʻzbekistonda huquqi buzilgan oddiy fuqaro yoki yuridik shaxsning huquqini maʼmuriy sudlar orqali tez va qoniqarli tiklanishi borasida qonunchilikni yanada takomillashtirish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Taʼkidlash joizki, bugungi kunda Oʻzbekistonda maʼmuriy islohotlar davom ettirilib, davlat organlarining faoliyati takomillashtirilmoqda. Xususan, ularning funksiya va vazifalari qayta koʻrib chiqilib, yanada konkretlashtirilmoqda, takrorlanuvchi funksiya va vazifalarning oldini olishga doir islohotlar amalga oshirilmoqda, hukumat hamda vazirlik va idoralar optimallashtirilib, ixcham tizim yaratish ustida saʼy-harakatlar olib borilmoqda.

Maqsad – fuqarolarning davlat organlari bilan munosabatga kirishganda har qanday toʻsiq va gʻovlarga yoʻliqmasligini taʼminlash, fuqaro va yuridik shaxslarning huquqlarini toʻlaqonli va samarali tiklashdan iborat.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati