Tadbirda Atlantika Kengashining Evroosiyo markazi direktori Jon Xyorbst, “Amerika Ovozi”ning o'zbek xizmati boshlovchisi Navbahor Imamova, Pitsburg universitetidagi Boshqaruv va bozorlar markazi asoschisi Doktor Jennifer Brik Murtazashvili, Jahon bankining O'zbekistondagi vakolatxonasi katta iqtisodchisi Vinayak Nagaraj hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.

1961 yilda tashkil etilgan Atlantika Kengashi bugungi kunda nufuzli tashkilot bo'lib, global muammolarni hal etish, xususan, siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik masalalarini o'rganish bo'yicha muhim mavzularda muhokamalar va o'rganishlar tashkil etib, to'plangan ma'lumot va tahlillarni o'z nashrlarida chop etib keladi.

Shu boisdan, navbatdagi O'zbekistonda amalga oshirilgan va oshiriladigan islohotlarga bag'ishlangan tadbir ham qizg'in munozaralar va fikrlarga boy bo'ldi. Unda moderatorlik qilayotgan elchi Xyorbst “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovga bir qator savollar bilan murojaat qildi.

Jumladan, dastlabki berilgan savol O'zbekistonning ichki siyosatida qo'lga kiritilgan asosiy yutuqlarga qaratildi. Ushbu savolga javoban Eldor Tulyakov Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar deyarli barcha sohalarni qamrab olganligi, ushbu o'zgarishlarning ko'pchiligidan tadbir ishtirokchilari ham xabardor ekanligini ta'kidladi.

Shuningdek, xalq bilan muloqot qilish, majburiy mehnat va bolalar mehnatini bartaraf etish borasida qilingan ishlar, fuqarolarga ko'rsatilayotgan davlat xizmatlari sifatini oshirish maqsadida tashkil etilgan Davlat xizmatlari agentligi faoliyati, valyuta bozorining liberallashtirilishi, propiska tizimini bekor qilinishi va fuqarolikni berish tartibi isloh qilingani va tashqi siyosatda salmoqli yutuqlarga erishilganligi alohida ta'kidlab o'tildi.

Muloqot davomida ekspertlar O'zbekiston oldida turgan ustuvor vazifa va maqsadlar bilan ham qiziqishdi va shundan kelib chiqib ichki siyosatda kelajakda amalga oshiriladigan ishlarga oid savol bilan yuzlanishdi.

Unga javoban Markaz rahbari eng avvalo deyarli barcha sohalarda boshlangan islohotlar davom ettirilishi, xususan, yaqinda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida munosabati bilan bo'lib o'tgan saylovoldi uchrashuvlarida fuqarolar tomonidan bildirilgan asosli fikr va takliflar inobatga olinishi, shuningdek, yaqinda chop etilgan “Yangi O'zbekiston strategiyasi” nomli kitobda belgilab berilgan vazifalar izchillik bilan hayotga tadbiq etilishini ta'kidladi.

Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Uchinchi Renessansning asosiy poydevori bo'lgan ta'lim sohasidagi islohotlarga yanada ko'proq ahamiyat qaratilishi, kambag'allikni kamaytirish, sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash, ekologik muammolarni bartaraf etish, energiya barqarorligiga erishish, iqtisodiy integratsiyani davom ettirib, investitsiya muhitini yanada yaxshilash, fuqarolik jamiyati institutlari va nodavlat notijorat tashkilotlarini yanada qo'llab-quvvatlash hamda korruptsiyaga barham berish eng muhim vazifalar sifatida sanab o'tildi.

Umuman olganda, tadbir davomida ekspertlarga boshlangan barcha ijobiy o'zgarishlar yanada keng qamrovli va tez sur'atlar bilan davom etishini kuzatish mumkinligi ma'lum qilindi.

Muhokamada ishtirok etgan boshqa ishtirokchilar O'zbekistonning iqtisodiy islohotlari, so'z erkinligi, partiyalarning faolligi, siyosiy islohotlar, tashqi siyosat, mintaqadagi faollik, Afg'oniston masalalari kabi dolzarb mavzularda fikr almashishdi. Muhokamani bevosita dunyoning turli chekkalaridan onlayn kuzatib turgan ko'plab ishtirokchilar qatoridan mavzularga oid savollar ham yo'llandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

matbuot xizmati.