Shu oʻrinda 1991-yilda boshlangan Xotin-qizlarning global rahbarlik (liderlik) Markazi tomonidan “Gender zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi doirasidagi tadbirlar har yili “25-noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka barham berish kuni”dan “10-dekabr – Inson huquqlari kuni”gacha oʻtkazilishini taʼkidlash lozim.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi depututlari, Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili kotibiyati, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, milliy va xalqaro ekspertlar, shu jumladan, AQSH, Bolgariya, Moldova, Qirgʻizistondan tashrif buyurgan mutaxassislar, jurnalistlar va blogerlar ishtirok etdi.
Anjumandan koʻzlangan asosiy maqsad milliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish borasidagi ilgʻor tajribalarni, gender zoʻravonlikning oldini olish usullarini, Oʻzbekistondagi boshqa genderga oid masalalarni muhokama qilishdan iborat ekanligi tashkilotchilar tomonidan taʼkidlab oʻtildi.
– Qoʻshma Shtatlar hukumati xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, genderga asoslangan zoʻravonlikka chek qoʻyish, mamlakatda va butun jahonda tengsizlikka qarshi kurashish boʻyicha keng qamrovli rejani amalga oshirmoqda. Gender zoʻravonlikni qabul qilib boʻlmaydi, u muqarrar emas va uni toʻxtatish mumkin, – dedi kirish soʻzi bilan qatnashgan USAIDning Oʻzbekistondagi Missiyasi direktori Mikaela Meredit.
Anjumanda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulruh Agzamova mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish borasida bir qator ishlar amalga oshirilayotgani, oilaviy muammolar va turmushida turli xil zoʻravonlikka duch kelgan xotin-qizlarni ruhiy qoʻllab-quvvatlash va ularga motivatsiya berish, zoʻravonlikka qarshi targʻibot ishlarini kuchaytirish maqsadida jamoatchilik eʼtiborini ushbu masalaga jalb etishga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilayotgani, har bir shaxsni zoʻravonlikka befarq boʻlmasligi, bu haqda sukut saqlamasligi, shuningdek, ayollar va erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash, xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish borasida mustahkam huquqiy asoslar yaratilgani masalalari xususida toʻxtaldi.
Konferensiyada Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov yurtimizda keyingi yillarda gender tenglikni taʼminlash, ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish sohasida izchil va samarali saʼy-harakatlar olib borilayotganiga urgʻu berib, koʻpchilik hollarda nafaqat davlat organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham tazyiq va zoʻravonlikning oqibatlariga qarshi kurashishga eʼtibor qaratayotganligini qayd etdi. Bu borada xotin-qizlarga qarshi jismoniy, ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zoʻravonlik kelib chiqishi sabablarini tizimli ravishda oʻrganish, ilmiy tahlil qilishda olimlar, yaʼni huquqshunoslar, sotsiologlar, psixologlar, iqtisodchilar va boshqa soha mutaxassislari salohiyatini birlashtirish, uning sabablarini bartaraf etishga qaratilgan ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.

Tadbirda qayd etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda ayollar huquqlarini taʼminlash, ularning jamiyat hayoti va oiladagi mavqeini mustahkamlash tom maʼnoda davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Gender tengligiga erishish va xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurash borasida muhim qadamlar qoʻyildi, jumladan, 2019-yilda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Jamiyatda xotin-qizlar va ularning huquqlariga boʻlgan munosabatni tubdan oʻzgardi.
Ijobiy oʻzgarishlarning roʻyobi nafaqat bugungi kunda opa-singillarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali taraqqiyotimizni kuchaytirish, balki kelgusi avlodning chindanda farovon va nurli hayot kechirishlari uchun amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari konferensiya ishtirokchilar tomonidan qizgʻin muhokama etildi.
Bugun Toshkentda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan “Gender zoʻravonlikka qarshi 16 kunlik faol harakatlar” kampaniyasi doirasida “Oʻzbekistonda ayollarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurash: yutuqlar, muammolar va istiqbollar” mavzuida xalqaro konferensiya oʻtkazildi.