Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasining maʼlum qilinishicha, 11-martdan 31-maygacha Amudaryo va Sirdaryoda, 26-apreldan 10-iyungacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida baliq ovlash taqiqlanadi. Shuningdek, boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlash mumkin boʻlmaydi.

Ushbu tartib Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 8-iyuldagi “Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi 627-sonli Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 9-fevraldagi 80-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Qayd etilishicha, mazkur davr baliqlarning koʻpayish mavsumi hisoblanadi. Agar shu vaqtda baliq ovlansa, ularning soni keskin kamayib, ayrim turlari yoʻqolib ketish xavfi yuzaga keladi.

Shu bilan birga, mazkur taqiq sunʼiy suv havzalari yoki irrigatsiya tarmoqlarida intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish, akvakultura faoliyati hamda sadok moslamalarida baliq yetishtirish va ovlash jarayonlariga tatbiq etilmaydi.

Eslatib oʻtilishicha, taqiqlangan muddat va hududlarda baliq ovlash maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.