Oʻzbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari ishtirokchilaridan biri sifatida 2030-yilga qadar turli yoʻnalishlarda oʻz oldiga aniq maqsadlarni belgilab olgan.

2020-yilda mamlakatimiz BMTning yuqori darajadagi siyosiy forumida ilk marotaba yuqoridagi maqsadlar doirasida bajarilgan ishlar va qator muammolar kiritilgan birinchi Ixtiyoriy milliy hisobotini taqdim qilgan edi. Yaqinda BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi boshqa manfaatdor vazirlik, idoralar, nodavlat-notijorat tashkilotlari bilan birgalikda Ikkinchi Ixtiyoriy milliy hisobotning dastlabki loyihasi ishlab chiqilib, xalq muhokamasiga qoʻyildi.

Bugun, 15-may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Byudjet tashkilotlari moliya-hisob boʻlinmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash oʻquv markazida mazkur Hisobot loyihasi boʻyicha muhokama majlisi oʻtkazildi.

— Oʻzbekiston 2030-yilgacha barqaror rivojlanish boʻyicha kun tartibida qator maqsadlarni belgilab olgan va bugunga qadar bu yoʻlda ijobiy tendensiyalariga erishildi, — deydi Makroiqtisodiy siyosat departamenti direktori Abdumalik Jalilov. — Jumladan, maktabgacha taʼlim qamrovi 2015-yildagi 21 foizdan  2022-yilda 70 foizga yetkazildi, 2019—2021-yillarda oliy taʼlim muassasalari soni va qabul kvotalari qariyb 2 barobarga oshirildi, oliy taʼlim muassasalarda tahsil olayotgan xotin-qizlar soni 2 barobarga yetkazildi, aholini (shu jumladan, kam taʼminlangan qatlamini) shinam uy bilan taʼminlash boʻyicha 300 ming xonadon va yakka tartibdagi uy-joylar qurilishi va boshqalarni misol keltirish mumkin.

Hisobotda aholi farovonligini taʼminlashni sekinlashtiruvchi omillar, makroiqtisodiy barqarorlikka, mamlakatning oziq-ovqat, energetika, texnologik, axborot va ekologik xavfsizligini taʼminlashga maʼlum darajada salbiy taʼsir etuvchi tashqi xatarlar va ichki xatarlar ham alohida qayd etilgan. Tadbir davomida mutaxassislar loyiha boʻyicha oʻz takliflarini bildirdi.

— Yangilangan Konstitutsiyamizda ijtimoiy davlat ekanligimiz taʼkidlab oʻtilgani, 58-moddada gender tenglik alohida modda sifatida belgilangani hamda Barqaror rivojlanish maqsadlarining 5-maqsadi ham gender tenglikni taʼminlashga qaratilgani sir emas, — deydi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti boʻlim boshligʻi, iqtisodiyot fanlari doktori Shahlo Mahkamova. — Shundan kelib chiqib, oʻzimning bir qator takliflarimni ilgari surdim. Ulardan biri 2 yoshgacha bolalari boʻlgan barcha qatlamdagi ayollar uchun ijtimoiy nafaqa tayinlash masalasidir. Gap shundaki, hozirgi vaqtda bunday nafaqa faqat kam taʼminlangan oilalarga bir qancha mezonlar asosida berib kelinadi. Qolaversa, natura koʻrinishidagi alohida yordam turlari ham mavjud. Ammo bu masalada aholining barcha qatlami, yaʼni, ijtimoiy ahvolidan qatʼiy nazar barcha ayollarga 2 yoshgacha boʻlgan farzandi uchun ijtimoiy nafaqa tayinlanishi maqsadga muvofiq boʻladi. Bu ayollar huquqlarini himoya qilish, boshqa jins vakiliga qaram boʻlishdan himoyalash, uy xoʻjaligi, oilada bajariladigan haq toʻlanmaydigan ishlarni kompensatsiyalash hamda aholining genofondini yaxshilashga xizmat qiluvchi taklif, deb hisoblayman.