Samarqand shahridan oʻtgan M-39 avtomobil yoʻlining 1 083 kilometrida barpo etilayotgan yangi yoʻl oʻtkazgich “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining “Koʻprikqurilishloyiha” unitar korxonasi hamda Rossiya Federatsiyasining yetakchi mutaxassislari bilan hamkorlikda tayyorlangan loyiha asosida barpo qilinyapti.
Loyihaga koʻra, yoʻl oʻtkazgichning balandligi 5,5, uzunligi 110, kengligi esa 28,9 metrni tashkil etib, inshootdan ikki tomonga yoʻnalish boʻylab ikkita syezd mavjud. Ushbu yoʻl oʻtkazgich foydalanishga topshirilgach bir soatda qariyb 600 ga yaqin, bir sutkada esa 14 mingta avtomobilni oʻtkazish imkoniyati yaratiladi. Amalga oshirilayotgan loyihaning oraliq qurilmasi kesimsiz uch oraliqli balka boʻlib, qurilish balandligi boʻyicha oʻzgaruvchan boʻladi. Ikki chetidagi oraliq qurilmaning uzunligi 33 metr, oʻrtadagi oraliq qurilmaning uzunligi esa 42 metrdan iborat boʻladi. Mazkur yoʻl oʻtkazgichga jami 6 000 metr kub beton yotqizish ishlari moʻljallangan boʻlib, hozirgi kunga qadar 3 000 metr kub beton yotqizildi.
Deformatsion choklar rezina-metalli qoplama turidan iborat boʻlib, oʻtkazgichning eni va uzunligi boʻylab harakatlanishiga imkoniyat beradi va avtomobillarning tekis va ravon harakatlanishiga zamin yaratadi. Mutaxassislarning aytishicha, bunday deformatsion choklar birinchi marotaba ishlatilyapti. Monolit oraliq qurilma ham yaxlit havozalarda 2 bosqichda quriladi. Dastlab bir yoʻnalishda uchta harakat yoʻli, ikkinchi yoʻnalishda xuddi shuncha harakat yoʻli quriladi. Ushbu yoʻl oʻtkazgich qurilishini “Koʻprikqurilish tresti” unitar korxonasining 200 nafar mutaxassisi zamonaviy texnika va uskunalardan foydalangan holda sifatli qilib amalga oshiryapti.
Taʼkidlash lozim, korxona mutaxassislari soʻnggi 5-10 yil davomida faqat poytaxtning oʻzida koʻplab yirik loyihalar amalga oshirgan. Xususan, Gʻ.Gʻulom va A.Qodiriy koʻchalari kesishmasidagi yirik transport yechimi, Muqimiy va Shota Rustaveli koʻchalari kesishmasidagi yoysimon shaklidagi yoʻl oʻtkazgichi, “Novza” va “Mirzo Ulugʻbek” metro bekatlari yaqinidagi koʻpriklari, Oqtepa maydonida yoʻl-transport yechimi, Taraqqiyot koʻchasini kesib oʻtuvchi avtomobil va temir yoʻl koʻpriklari, Ohangaron shossesi va Maxtumquli koʻchasi kesishmasidagi yangi uch pogʻonali yoʻl oʻtkazgichi. Ilgari misli koʻrilmagan noyob qurilish loyihasi – Toshkent yer usti halqa metrosini qurish ishlarida hamda Sergeli yer usti metrosi aynan ushbu korxona quruvchilari tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilyapti.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, bugungi kunga qadar mamlakatimizda bunyod etilgan yoʻl oʻtkazgichlar, koʻpriklar korxonalarimizda tayyorlangan yigʻma temir-beton balkalari bilan bunyod etilayotgan edi. Rivojlangan mamlakatlarda monolit usulida qurilayotgan bunday inshootlarni oʻzimizning mutaxassislarimiz ham endilikda sifatli va ishonchli bunyod etyapti, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.