Mazkur qonun loyihasida davlat xizmatlarini koʻrsatish koʻlamini kengaytirish, davlat organlari va tashkilotlarida manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, shuningdek, ilgari qonuniy imkoniyati mavjud boʻlmagan amaliyot — bolaga ota ismini familiya sifatida berish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, “Oʻzarxiv” agentligi tizimini optimallashtirish, arxivlarning yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi uchun huquqiy asoslarni belgilash, arxiv tashkilotlarining huquqiy maqomi va faoliyatini tartibga solish hamda arxiv hujjatlarini elektron shaklda saqlash mexanizmlarini takomillashtirish koʻzda tutilgan.
Majlisda taʼkidlanishicha, qonun loyihasida nazarda tutilgan normalar aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun biznesni boshlashda ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni qisqartirishga, litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish jarayonlarini soddalashtirishga xizmat qiladi.
Xususan, loyiha bilan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etilib, litsenziya yoki ruxsatnoma talab etiladigan faoliyat turlari boʻyicha 3 oygacha oʻtish va moslashish davrini belgilash taklif etilmoqda.
Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini bildirib, ayrim normalar boʻyicha qonun tashabbuskorlariga aniqlashtiruvchi savollar berdi hamda hujjat matnini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar ilgari surdi.
Muhokamalar yakunlariga koʻra, qonun loyihasi Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.