Shveysariya hamkorlik agentligi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan ushbu tashabbus oʻtgan yili Oʻzbekistonda eʼlon qilingan “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shaharlar” global tashabbusi doirasida namunali deb tanlangan shaharlarda ilk bor amalga oshiriladi.
Ushbu tashabbus bolalar va yoshlarning ovozi, ehtiyojlari, ustuvor masalalari va huquqlari davlat siyosati, dasturlari va qarorlarining ajralmas qismi boʻlgan jamoalarni yaratishga qaratilgan shahar va qishloqlarning global harakatiga qoʻshiladi.
Shveysariya hamkorlik agentligining 400 000 dollar miqdoridagi granti doirasida YUNISEF Andijon viloyatining Asaka, Fargʻona viloyatining Qoʻqon, Navoiy viloyatining Zarafshon, Surxondaryo viloyatining Termiz, Xorazm viloyatining Yangibozor, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Boʻston shaharlaridagi mahalliy oʻz-oʻzini boshqarish organlarini qoʻllab-quvvatlaydi. Yordam asosan, mahalliy hokimiyat organlarining muhim qarorlari boʻyicha dasturlarni rejalashtirish va amalga oshirishga yoshlarni jalb qilish orqali bolalar va yoshlarning huquqlarini taʼminlashga qaratiladi.
— Ushbu tashabbus yoshlarga oʻz huquqlarini amalga oshirish, ularning ovozi baralla yangrashi va oʻz jamiyatlarida mazmunli ishtirok etishlari uchun qulay muhit yaratuvchi huquq va imkoniyatlarni kengaytirish vositasidir, — dedi YUNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. — Oʻzbekistonning dastlabki oltita shahri “Yoshlar va bolalar uchun doʻstona shahar” unvoniga sazovor boʻlish uchun ushbu global tashabbusga qoʻshilayotganidan mamnunmiz.
Loyihaning keyingi bosqichlari sifatida mahalliy hokimiyat organlari bolalar va yoshlarning holatini yaxshilash boʻyicha real Harakat rejalari asosida aniq kun tartibini ilgari suradi. Barcha tadbirlar yoshlar bilan birgalikda ularning oʻz shaharlarida oʻtkaziladi. Mahalliy hokimiyat organlari yoshlarni jalb qilish uchun barqaror platformalarni yaratadi. Malaka oshirish faoliyati ustuvor yoʻnalish boʻlib, faol ishtirok etish va ijtimoiy innovatsiya tamoyillariga rioya qilinadi.
— Oʻzbekistonda navqiron avlodning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida belgilangan, — dedi »Yuksalish» umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov. — Mamlakatimizning bolalar va yoshlar uchun doʻstona shaharlar global tashabbusiga qoʻshilishi bolalar va yoshlarning bevosita ularning farovonligi bilan bogʻliq qarorlar qabul qilish jarayonlarida ishtirok etishiga tizimli yondashuvni taʼminlaydi. Bu — mahalliy hokimliklar va yoshlar oʻrtasidagi hamkorlikning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish imkonini beradi.
Tashabbus yoshlar bandligini oshirish kabi qator masalalarni, jumladan sifatli taʼlim olish uchun teng imkoniyatlarni kengaytirish; mazmunli dam olish; xavfsiz muhitni yaratish; sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishni qamrab oladi.
— Oʻzbekiston yoshlar mamlakati boʻlib, ular aholining qariyb 60 foizini tashkil qiladi, — dedi Yoshlar ishlari agentligi direktori oʻrinbosari Dilnozaxon Kattaxonova. — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bevosita tashabbusi va amaliy koʻmagi bilan mamlakatimizda yoshlar manfaatlarini himoya qilish borasida ular bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi. Ushbu tizim har bir mahallada yoshlarning manfaatlarini himoya qilishdan boshlanadigan barcha darajalarda yoshlar bilan ishlashga asoslangan.
2022-yil yakunida shaharlar bolalar va yoshlarning ehtiyoj va manfaatlarini hisobga olgan hamda ular bilan birgalikda ishlab chiqilgan Harakat rejalarini taqdim etadi. Oltita shahardan Harakat rejalari eng yaxshi tuzilgan uchtasiga yoshlar bilan ishlash uchun qoʻshimcha byudjet mablagʻlari taqdim etiladi. 2023-yil yakunida ushbu tashabbusning muvaffaqiyati baholanadi va butun mamlakat boʻylab boshqaruv tizimini joriy etish rejasi ishlab chiqiladi. Eng yaxshi koʻrsatkichlarga ega boʻlgan shaharlarga “Bolalar va yoshlar uchun doʻstona shahar” maqomi beriladi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.