Oʻzbekistonda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlash qamrovi 95-98 foizni tashkil etyapti

    Sogʻliqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda Oʻzbekistonda immunizatsiya va vaksinatsiya jarayonlari, Milliy profilaktik emlash taqvimi va bu borada aholiga ishonchli maʼlumotlarni yetkazish yuzasidan soha ekspertlari ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtmoqda.

    Nurmat Atabekov:

    — Bugungi kunda mamlakatimizda Milliy profilaktik emlash kalendari joriy etilgan. Unga muvofiq, 13 turdagi yuqumli kasalliklar, jumladan, difteriya, koʻkyoʻtal, qoqshol, sil, virusli gepatit V, poliomiyelit, qizamiq, qizilcha, epidemik parotit, rotavirus, pnevmokokk, gemofilius inflyuensa tip B (XIB) infeksiyasi, bachadon boʻyni saratoniga qarshi rejali vaksinatsiya tadbirlari oʻtkaziladi.

    Profilaktik emlashlar uchun 3 ming 138 ta emlash punkti ajratilgan. Chaqaloqlarni sil va gepatit V ga qarshi emlash esa tugʻuruq komplekslarida amalga oshirib kelinmoqda.

    Muhimi, soʻnggi yillarda boshqariluvchi yuqumli kasalliklarga qarshi profilaktik emlashlar bilan qamrab olish darajasi 95-98 foizni tashkil etyapti. Yurtimizda 2003-yildan buyon emlashdan soʻng nojoʻya holatlar roʻyxatga olingani yoʻq.

    Immunizatsiya tadbirlarining muntazam va samarali olib borilishi natijasida 1996-yildan buyon respublikamizda yovvoyi polioviruslar keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi tugatildi va Oʻzbekiston 2002-yilda “Poliomiyelitdan xoli hudud”, 2017-yilda esa “Qizamiq va qizilchaning 36 oylik eliminatsiyasiga erishgan hudud” nomli xalqaro sertifikatlarni olishga muvaffaq boʻldi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.