Hayotimizda elektron qurilmalarning ahamiyati ortgani sari, elektr energiyasidan foydalanish hajmi ham oshib boryapti. Xonadonlarda uzluksiz ishlab turadigan texnika vositalari sabab elektr hisoblagichlar tinimsiz aylanadi. O'tgan yili energetika vazirligi e'lon qilgan qiyosiy infografikada keltirilishicha, agar jahonda umumiy energiya iste'molining o'rtacha 23 foizi turar joylar hissasiga to'g'ri kelsa, bu ko'rsatkich O'zbekistonda 40 foizdan yuqori.
Xususan, dunyoda 1 kvadrat metr maydon uchun energiya sarfi yiliga 120—150 kVt/soatni tashkil etayotgan bir vaqtda, yurtimizda shuncha hajmdagi maydon uchun 390 kVt/soat energiya sarflanadi. Mutaxassislarning fikricha, kelgusi 10 yilda mamlakatimiz aholisi va iqtisodiyot tarmoqlarida elektr energiyasiga bo'lgan talab ikki barobar ko'payadi. Shu bois, ayni kez nafaqat elektr energiya ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki barcha sohalarda energiyatejamkor vositalar hamda muqobil energiya manbalaridan keng foydalanishga kirishilgan.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar orasida BMT Taraqqiyot Dasturi, Global ekologik fond (GEF) hamda O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamkorligidagi “O'zbekistonda energiyasamarador qishloq turar joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko'maklashish” qo'shma loyihasi alohida ahamiyatga ega. 2017-yilda boshlangan loyiha maqsadi qishloq joylarda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda, aholini atrof-muhitga zarar keltirmaydigan, qulay yashash sharoitlariga ega, eng muhimi, kamxarj uy-joy bilan ta'minlashga qaratilgan.
Bugunga qadar respublikada davlat dasturi doirasida 20 mingga yaqin bir va ko'p qavatli energiyatejamkor arzon qishloq uylari qurildi. Loyiha doirasida 2019-yili qishloq joylarda qurilgan bir qavatli alohida xonadonlarning 800 tasiga har biri 300 Vt quvvatga ega, 2020-yilda 4 qavatli turar joy binolarining 528 xonadoniga har biri 600 Vt quvvatga ega quyosh panellari o'rnatildi. Ushbu qurilmalar uylarni eng asosiy ehtiyojlari bo'lgan yoritish chiroqlari, quvvatlash moslamalari, televizor va muzlatgich ishlashi uchun zarur elektr energiyasi bilan ta'minlaydi. 2021-yilda esa Toshkent viloyati Nurafshon shahrida deyarli energiya sarflamaydigan namunaviy uy qurilishi ishlari boshlandi.
— Insoniyat foydalanayotgan tabiiy energiya resurslari asta-sekin tugab boryapti, birlamchi yoqilg'i-energetika resurslarini qazib olish va qayta ishlash xarajatlari oshib, ulardan oqilona foydalanmaslik atrof-muhitga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda, — deydi loyiha rahbari Timur Ibragimov. — Hozir O'zbekistonda bu muammoning echimi sifatida qurilishda innovatsion yondashuvlar asosida resurslardan samarali foydalanish ustuvor yo'nalishlardan biriga aylangan. Bizning loyihamiz ayni shu jihatlarni nazarda tutadi. Unda binolar konstruktsiyalarining issiqlik ko'rsatkichlarini yaxshilash, energiyatejamkor va kam uglerodli texnik echimlarni joriy etish orqali turar joy sektorida energiya sarfini kamaytirish ko'zda tutilgan. Bu tabiiy va moliyaviy resurslarni tejash, atmosferaga shundoq ham ortiqcha miqdorda tarqalayotgan issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi.
Energiya sarfi 2,5 barobar kamroq
Energiyatejamkor uylar faqatgina quyosh panellari bilangina odatiy turar joylardan farqlanmaydi. To'g'ri, tashki ko'rinishi jihatidan ularni standart xonadonlardan ajratish qiyin. Ammo bunday uylarning loyihalash tamoyili to'liq energiya sarfini minimallashtirishga asoslangan. Bu ko'proq qurilish jarayonida ko'rinadi. Binoni ko'tarishda boshidan oxirigacha issiqlik energiyasini tejovchi va qayta tiklanadigan energiya manbalari texnologiyalaridan foydalaniladi. Masalan, uyning tashqi devorlari bazal`t tola asosidagi hamda mineral jun ko'rinishidagi issiqlik izolyatsiyalash materiallari bilan qoplansa, polga penopolistirol, penopleks kabi zamonaviy qurilish materiallari yotqiziladi. Uyning ichki qismi ham energiyasamarador deraza romlari, yoritish lampalari, issiqlik nasosi va rekuperatorlar bilan jihozlanadi. Qarabsizki, binoning mustahkam izolyatsiyalangan tashqi konstruktsiyasi qishda issiq, yozda esa yoqimli salqinlikni saqlash barobarida, elektr energiyasi sarfini sezilarli darajada tejaydi. Loyiha doirasida o'tkazilgan energo-audit hisobotiga ko'ra, energiya samaradorligi oshirilgan uylardagi yillik energiya sarfi oddiy uylarga qaraganda qariyb 2,5 barobar kamroq ekan.
Bitta xonadon qurilishi misolida ko'ramizki, uyning bitishi uchun anchagina energiyatejamkor qurilish materiallari talab etiladi. Bunday mahsulotlarning jahon bozoridagi narxi arzon turmasligi ayon. Shu o'rinda savol tug'iladi, xo'sh, ularning qancha qismi o'zimizda ishlab chiqarilmoqda?
— Hozirgi kunda O'zbekiston qurilish bozorida mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlangan barcha hildagi energosamarador material va texnologiyalarni topish mumkin, — deydi Timur Ibragimov. — Prezidentimizning 2019-yil 4-oktyabrdagi “2019 — 2030-yillar davrida O'zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o'tish strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori asosida iqtisodiyotning barcha sohalarida, jumladan, energiyatejamkor qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo'yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda bazalt qoplamasi, mineral tolali qoplamalar, avtoklav usulidagi gazobeton, energotejamkor deraza romlari va yoritish uskunalari ishlab chiqarish zavodlari tashkil qilingan. Bundan tashqari, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan elektroenergiya ishlab chiqaradigan asbob-uskunalar (quyosh panellari, geliokollektorlar) zavodlari ham mavjud.
“Uyimizda sira chiroq o'chmaydi”
Energiyatejamkor xonadonda yashash mazza-da. Asosiy ehtiyojlar uchun zarur qurilmalar quyosh panellari quvvati bilan ishlaydi. Issiqlikni ta'minlab beruvchi zamonaviy qurilish materiallari esa gaz sarfini kamaytiradi. Foydalanish jarayonida gaz va elektr energiyasi uchun to'lovlarning tejalishi oila byudjetiga salmoqli hissa qo'shadi.
Bugungi kunda ko'plab oilalar energiyatejamkor ko'p qavatli uylarga ko'chib o'tgan. Buxoro viloyati G'ijduvon tumanidagi ana shunday xonadonlardan birining egasi Feruza Shokirova “tejamkor” uyda yashash tajribasi haqida so'zlab berdi: “Uy ham, xonadonimiz ham qulay va tejamkor. Xonalarni yoritish, televizor tomosha qilish va shaxsiy qurilmalarni quvvatlantirishda quyosh panellari energiyasidan foydalanamiz. Bu yil gaz va elektr to'lovlarini ancha tejab qoldik. eng asosiysi, uyimizda sira chiroq o'chmaydi. Xonalar ichidagi harorat ham oson tartibga solinadi. Barcha faslda yoqimli harorat saqlanadi”.
— Quyosh batareyalarini o'rnatish uy-joy sharoitini yaxshilashning ajoyib yechimidir, — deydi Qoraqalpog'iston Respublikasi Amudaryo viloyatida qurilgan energiyatejamkor va kam uglerodli uylardan birida yashovchi Zafarjon Otamuratov. — Elektr ta'minotidagi uzilishlar bilan bog'liq muammolarimiz yo'q. Oilamizning barcha a'zolari bundan juda mamnun.
Hozirda ana shunday uylarda yashashni istagan, ammo imkoniyati etmaydigan insonlar uchun maqbul echimlarni taqdim etish ishlari ham olib borilyapti. Yurtimizda energiyatejamkor va kam uglerodli qishloq uy-joylariga talabni oshirish maqsadida subsidiyali yashil ipoteka kreditlash sxemasi ishlab chiqildi. Hududlarda ana shunday ko'p qavatli xonadonlarni kam ta'minlangan oilalar hamda imkoniyati cheklangan fuqarolarga imtiyozli kredit asosida 20 yil muddatga berish boshlab yuborildi. Xayrli tashabbus ortidan Buxoro viloyati Peshku tumani “Navbahor” MFY hududidagi energiyatejamkor xonadonlar sekin-asta yangi oilalar bilan gavjumlashib boryapti.
— Qizim Ra'no bilan shunday uydan imtiyozli kvartira sotib olganimizdan xursandmiz, — deydi mahalladagi 22-uyda yashovchi Rahima Salimova. — Xonadon kreditga berilgani juda yaxshi bo'ldi. O'zimiz pul to'plab, sotib olishga qiynalgan bo'lardik. Quvonarlisi, bu uyda yashash ham ancha arzonga tusharkan. Kundalik ehtiyojlarimiz uchun quyosh panellaridagi elektr energiyasidan foydalanyapmiz. Maishiy texnika vositalari ham hech qanday muammolarsiz ushbu energiya orqali ishlayapti. Bu bizning oilaviy byudjetimiz uchun katta tejamkorlikdir.
O'zbekistondagi birinchi ko'rgazmali inshoot
Energiyatejamkor turar joylarning elektr energiyasi sarfini kamaytirish barobarida, ekologiya va atrof-muhitni yaxshilashdagi o'rni ham katta. Ularning kam uglerodli ekani atmosferaga tarqaladigan issiqxona gazlari (CO2) chiqindilarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Ayni paytda zaharli gazlar ta'sirida yuzaga kelayotgan iqlim o'zgarishlari jahonda global muammolardan biri. Bunda turar joy binolarining ham sezilarli “hissasi” bor. Ma'lumotlarga ko'ra, binolarni qurish jarayonidan boshlab, ularni isitish va sovutishga ketadigan energiyani ishlab chiqarishda asosan qazib olinadigan yoqilg'i resurslari (ko'mir, tabiiy gaz, neft)ni yoqish oqibatida atrof-muhitga ko'p miqdorda issiqxona gazlari tarqaladi. energiyatejamkor uylarda esa qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanililadi. Qarabsizki, atmosferaga karbonad angidirid gazi chiqishi sezilarli darajada kamayadi.
— Iqlim o'zgarishi buyicha Parij Bitimini qabul qilgan xar bir davlat o'zining rivojlanish jarayonida issiqxona gazlarini kamaytirish buyicha majburiyatlarni olgan, — deydi Timur Ibragimov. — Hozirda 194 ta mamlakatda qabul qilingan bu bitim O'zbekiston Respublikasi tomonidan 2018-yil 9-noyabrda ratifikatsiya qilingan. Mazkur bitimdan kelib chiqib, yurtimiz 2030-yilga borib yalpi ichki mahsulot birligiga to'g'ri keladigan issiqxona gazlari emissiyasini 2010-yilgi darajadan 35 foizga kamaytirishni maqsad qilgan. Qonunchilikdagi o'zgarishlardan tashqari, bir qator xalqaro tashkilotlar O'zbekiston hukumatini “yashil” iqtisodiyotga o'tishida qo'llab-quvvatlamoqda.
2021-yilda Shotlandiyaning Glazgo shahrida bo'lib o'tgan BMTning iqlim o'zgarishi bo'yicha konferentsiyasi hukumatlar tomonidan issiqxona chiqindilarini kamaytirish va global haroratni 1,5 darajaga tushirishga doir shoshilinch choralar ko'rish muhimligini yana bir karra eslatdi.
O'tgan yil 9-dekabr kuni yurtimizda yashil qurilishni rivojlantirish bo'yicha o'tkazilgan bir kunlik biznes forumda esa BMT Taraqqiyot dasturining O'zbekistondaga doimiy vakili Doyna Muntyanu bu masala tobora dolzarb bo'lib borayotganiga to'xtaldi. Mutaxassis bugun atrof-muhitga chiqayotgan issiqxona gazlarining deyarli 30 foizi qurilish sektori hissasiga to'g'ri kelayotgan bir vaqtda, O'zbekistonda qurilayotgan binolarning energiyasamaradorligini ta'minlash orqali zaharli gazlar chiqindilarini kamaytirishning ulkan salohiyati mavjudligini ta'kidladi.
Energiyatejamkor va kam uglerodli uylar qo'shma loyihasi ana shu ishlarning bir qismi bo'lib xizmat qilmoqda. Ayni vaqtda Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi “Yoshlik” MFYda nolga yaqin energiya sarflaydigan namunaviy uy qurilishi jadal davom etmoqda. Me'moriy jihatdan uy ikki qavatli bo'lib, umumiy maydoni 164,16 kvadrat metrni tashkil etadi. Deyarli energiya sarflamaydigan bino O'zbekistondagi birinchi ko'rgazmali inshoot ekani aytilmoqda.
— Uyning qurilishi 2021-yilning iyul oyida boshlangan bo'lsa, 2022-yil aprelida yakunlanishi va foydalanishga topshirilishi belgilangan, — deydi Timur Ibragimov. — Uning o'ziga hosligi shundaki, qurilish konstruksiyasi yuqori energiya samaradorligini ta'minlaydigan me'moriy va rejalashtirish yechimlarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Bino qobig'ining (to'suvchi konstruktsiyalari) issiqlik izolatsiyasi yuqori qarshilikka ega bo'lgan izolyatsion materiallar yordamida ta'minlanadi. Masalan, tashqi devorlar uchun 100 millimetr qalinlikdagi tosh tolali plitalar, shamol va gidroprotektiv membrana, shamol to'sig'i va fibrotsement plitalar ishlatiladi. Pol qismiga 75 millimetr qalinlikdagi penpolistirol va 5 millimetrlik gidrostekloizol, tom qismi izolyatsiyasi uchun esa 3 millimetrlik gidrofol va 150 millimetr qalinlikdagi mineral vata yotqiziladi. Mazkur uy uchun elektr energiyasining asosiy manbai — tom qismiga o'rnatiladigan 15 kVt quvvatga ega quyosh panellari xisoblanadi. U uyning barcha ehtiyojlari, jumladan, isitish va sovutish (konditsioner) moslamalarini elektr energiyasi bilan ta'minlaydi. Qish oylari yoki bulutli kunlarda quyosh panellari tomonidan energiya etarli darajada ishlab chiqarilmaganda zaxira quvvat manbai sifatida shahar elektr tarmog'idan quvvat beriladi.
Qo'shma loyiha 2023-yil yakuniga qadar davom etishi rejalashtirilgan. Bu vaqtga qadar tashabbuskorlar qishloq joylarda energiyatejamkor arzon uylar qurishda davom etadi. Xususan, joriy yilda Prezident Farmoni asosida hududlarda qad rostlaydigan “Yangi O'zbekiston” massivlarida quriladigan uylarning bir nechtasi tanlab olinib, ularning issiqlik ximoyasini uchinchi darajaga ko'tarishni moliyalashtirish rejalashtirilgan.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri











