Oʻzbekistonda Faol fuqarolar haftaligi boshlandi

    Mamlakatimizda 14 Iyun 2022 5279

    13-iyunda Toshkentda Faol fuqarolar haftaligi ish boshladi. Haftalik besh kun mobaynida uch mingdan ziyod ishtirokchilar — nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, vazirlik va tashkilotlar, mahalliy boshqaruv organlari, ekspertlar, faol fuqarolar va ommaviy axborot vositalari vakillarini bitta muloqot maydoniga jamlaydi.

    Maqsad — 2022—2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasi doirasida mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish istiqbollarini muhokama etish.

    Faol fuqarolar haftaligi doirasida forum, konferensiya, davra suhbati, munozara, telemuhokama, trening, marafon shaklidagi 30 dan ziyod tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Jumladan, “Jamoatchilik ishtirokining innovatsion usullari” forumi, “Yashil” iqtisodiyot va innovatsiyalar – barqaror rivojlanish drayveri” mavzusida ekologik forum, “Oramizdagi qahramonlar” loyihasi doirasida taqdirlash marosimi boʻlib oʻtadi.

    Ekspertlarning eʼtiroficha, Oʻzbekistonning siyosiy qiyofasi yangilanishi bilan birga, odamlarning ham, fuqarolik jamiyatining ham dunyoqarashi oʻzgaryapti. Bugun islohotlar samaradorligini oshirishda, taraqqiyot dasturlarini hayotga tatbiq qilishda va qonunchilik hujjatlarini takomillashtirishda fuqarolik jamiyati institutlari katta salohiyatga ega.

    Fuqarolik jamiyati institutlari, birinchi navbatda, fuqarolarning turli toifalari manfaatlarini ifodalaydi, shu boisdan turli darajadagi muhim qarorlarni qabul qilish jarayonlarini qamrab olishga yordam beradi.

    Ikkinchidan, ular jamoatchilik nazoratining subyektlari sifatida davlat sektorida shaffoflikni hamda davlat dasturlari va loyihalarini amalga oshirishda muvozanat tizimini taʼminlaydi.

    Uchinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari hududlarning oʻziga xosligi va aholining salohiyatini inobatga olgan holda dolzarb muammolarni hal etish boʻyicha innovatsion gʻoyalar va amaliyotlarni taklif etishi mumkin.

    Muhim qarorlar ishlab chiqish va qabul qilishda fuqarolarni jalb etish Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan demokratik islohotlar – biz uchun yagona toʻgʻri yoʻldir, jamiyatning oʻzi esa mamlakatdagi islohotlarning tashabbuskori va asosiy ijrochisidir, degan tamoyilning tasdigʻidir.

    Keyingi yillarda bu borada katta ishlar amalga oshirildi. Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish mexanizmlari maqsadli takomillashtirilib, kafolatlar mustahkamlanib, joylardagi infratuzilma takomillashtirilyapti. Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati sohasidagi qonunchilikni sezilarli darajada liberallashtirish boshlandi.

    Jumladan, boj stavkalari pasaytirildi:

    • Nodavlat notijorat tashkilotlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish – 5 baravarga;
    • ramzlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish — 2,5 baravarga;

    nogironligi boʻlgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar va bolalar nodavlat notijorat tashkilotlarini roʻyxatga olish – davlat bojining 50 foizigacha.

    Davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi arizani koʻrib chiqish muddati ikki oydan bir oyga qisqartirildi.

    Agar 2017-yilda adliya organlari tomonidan atigi 60 ta nodavlat notijorat tashkiloti roʻyxatga olingan boʻlsa, 2021-yilda bu koʻrsatkich 448 taga yetdi, yaʼni 7,5 barobarga koʻpaydi. Umuman, soʻnggi 5 yilda

    1 031 ta yangi nodavlat notijorat tashkiloti roʻyxatga olindi.

    Jamoat tashkilotlari tashabbuslarini moliyalashtirishda ham jadal oʻsish kuzatilyapti. Birgina 2021-yilda ushbu maqsadlar uchun 75,8 milliard soʻm yoʻnaltirilgan, bu 2017-yilga nisbatan 6,5 barobar koʻpdir. 2017— 2021-yillarda nodavlat notijorat tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarini moliyalashtirishga 172 milliard soʻm yoʻnaltirildi.

    Shuningdek, hududiy davlat organlari huzurida Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondlari tashkil etildi. 2019-yildan boshlab ularga faoliyatini kelgusida ham davom ettirishlari uchun mahalliy byudjetlardan mablagʻlar ajratilyapti.

    Nodavlat notijorat tashkilotlariga adliya organlariga tegishli barcha xizmatlarni elektron shaklda taqdim etish imkoniyatini beruvchi e-ngo.uz portali ishga tushirildi. Har bir viloyat markazida fuqarolik jamiyati institutlari bepul joylashtiriladigan Nodavlat notijorat tashkilotlari uylari tashkil etildi.

    Oʻtgan yili 2021—2025-yillarda Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinishi mamlakatimiz fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish, ijtimoiy institutlar rolini kuchaytirishga intilayotganini yana bir bor namoyon etdi.

    Konsepsiyada 2025-yilgacha boʻlgan ustuvor yoʻnalishlar va maqsadlar, xususan, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar koʻrinishida davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmini 2021-yilda kamida 1,2 barobar, 2025-yilda esa 1,8 barobar oshirish belgilab berildi.

    Fuqarolik jamiyati institutlarining samarali faoliyat yuritishi uchun shart-sharoit va imkoniyatlarni yanada kengaytirish kutilmoqda. Buni davlat rahbarining 2021-yil Konstitutsiya kuni arafasida belgilab bergan vazifalari ham tasdiqlaydi.

    Bugun Oʻzbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni boshlandi. Buning zamirida shaxs, uning huquqlari va qonuniy manfaatlari yotadi. Ilgari amalda boʻlgan “davlat – jamiyat – shaxs” tamoyilini yangi “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga almashtirish taklif etilyapti. Bundan tashqari, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” tamoyilini aks ettiruvchi fuqarolik jamiyati institutlarining roli va mavqeini Bosh Qomusimizda mustahkamlab qoʻyish koʻzda tutilyapti.

    Faol fuqarolar haftaligi Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida hamda mamlakatdagi konstitutsiyaviy islohotlar sharoitida transformatsiya jarayonlarining barcha ishtirokchilari oʻrtasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar va takliflar ishlab chiqish uchun konstruktiv muloqot maydoni boʻlib xizmat qiladi.

    Faol fuqarolar haftaligi “Yuksalish” umummilliy harakati tashabbusi bilan Oliy Majlis Senati, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Milliy markazi, Adliya vazirligi bilan hamkorlikda hamda AQSHning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID), K.Adenauer nomidagi jamgʻarmaning Markaziy Osiyodagi vakolatxonasi, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi delegatsiyasi va qator hamkor tashkilotlar koʻmagida tashkil etilyapti.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.