“Ochiq davlat — faol fuqaro”

    Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasida

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik jamiyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish Konsepsiyasi loyihasining jamoatchilik muhokamasi oʻtkazildi.

    Muhokamada davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoat birlashmalari, shuningdek, hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov soʻzga chiqdi. Taʼkidlanganidek, ushbu Konsepsiya “Yangi Oʻzbekiston” islohotlarining mantiqiy davomi sifatida ochiqlik, shaffoflik, hisobdorlik va fuqarolar ishtirokini taʼminlaydigan zamonaviy davlat boshqaruvi modelini shakllantirishni maqsad qiladi.

    2016-yildan buyon amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar, 2023-yilgi Konstitutsiyaning qabul qilinishi, raqamli jamiyat rivoji hamda BMT, OECD, YXHT kabi xalqaro tashkilotlar tavsiyalari fuqarolik jamiyatini rivojlantirishni strategik vazifaga aylantirdi.

    Hujjat taʼlim, ijtimoiy himoya, ekologik siyosat, tadbirkorlik, inson huquqlari va gender tengligi kabi sohalarda davlat-jamiyat sherikligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Qayd etilganidek, fuqarolik jamiyati — bu jamoatchilik fikri, fuqarolar faolligi va davlatning hisobdorligiga asoslangan siyosiy tizimdir.

    Qabul qilinishi rejalashtirilayotgan Konsepsiya “ochiq davlat — faol fuqaro” modelini shakllantirishda, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi ijrosini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻladi.

    Tadbirda asosiy eʼtibor Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolik jamiyatini 2030-yilga qadar rivojlantirish konsepsiyasi loyihasini respublika miqyosida NNTlar bilan keng muhokama qilish, ularning taklif va mulohazalarini inobatga olgan holda konsepsiyani takomillashtirish hamda davlat va jamiyat hamkorligini yanada mustahkamlashga qaratildi.

    Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan jamoatchilik kengashlari faoliyatini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarining davlat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, NNTlarning moliyaviy barqarorligini taʼminlash, davlat grantlari tizimini rivojlantirish, xotin-qizlar va yoshlarning fuqarolik jamiyatidagi faolligini oshirish kabi masalalar muhokama etildi.

    Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan jamoat tashkilotlari, davlat organlari va boshqa fuqarolik institutlari oʻrtasida samarali muloqot va hamkorlik platformasini shakllantirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha milliy strategiyada NNTlarning oʻrni, vazifalari va masʼuliyatini aniq belgilash, konsepsiyani amalga oshirish jarayonida shaffoflik, hisobdorlik va jamoatchilik ishtirokini taʼminlash, shuningdek, qabul qilinishi koʻzda tutilgan mazkur hujjatning ijtimoiy-iqtisodiy taʼsirini baholashga xizmat qiladigan amaliy taklif va mexanizmlarni ishlab chiqish masalalari yuzasidan taklif va mulohazalar ilgari surildi.