Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Murojaatnomada ilgari surilgan tashabbus asosida tashkil etildi hamda Strategiyaning takomillashtirilgan loyihasini jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Tadbirda qayd etilishicha, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasida 100 ta aniq maqsad boʻyicha 450 dan ortiq samaradorlik koʻrsatkichlari belgilangan. Aholi fikrlarini keng jalb etish maqsadida loyiha regulation.gov.uz hamda uzbekistan2030.uz platformalarida ochiq muhokamaga qoʻyilgan.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning taʼkidlashicha, qisqa vaqt ichida loyiha yuzasidan 2 ming 500 ga yaqin taklif va izohlar kelib tushgan.
— Bugun xalqimiz bilimli va faol. Fuqarolar oʻz hayotiga daxldor masalalarga befarq emas. Kelib tushayotgan takliflar har kuni mutaxassislar tomonidan saralanib, chuqur oʻrganilmoqda, — dedi u.
Bildirilgan takliflar orasida taʼlim, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, sanoat, qishloq xoʻjaligi, ekologiya, shuningdek inson kapitalini rivojlantirish va qonunchilikni takomillashtirishga oid tashabbuslar salmoqli oʻrin egalladi.
Takliflarni har tomonlama muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan ochiq muloqotda Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi hamda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbariyati bevosita fuqarolar bilan uchrashdi. Taklif mualliflari oʻz tashabbuslarini taqdimotlar orqali asoslab berdilar.
Muhokamalar jarayonida ekspertlar, davlat organlari vakillari hamda fuqarolar oʻrtasida erkin fikr almashinuvi boʻlib oʻtdi. Natijada takliflarni tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yanada aniqlashtirish, ularni oʻlchab boʻladigan koʻrsatkichlarga aylantirish va Strategiyaga integratsiya qilish boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi oʻrinbosari Abdulla Abduqodirov ushbu jarayonning ahamiyatiga toʻxtalib oʻtdi:
— Prezidentimiz tomonidan belgilanganidek, strategik maqsadlar aniq va oʻlchanadigan koʻrsatkichlar bilan ifodalanishi zarur. Shu bois kelib tushayotgan takliflarni shunchaki gʻoya sifatida emas, balki aniq natija beradigan indikatorlarga aylantirish ustida ishlayapmiz. Ayrim takliflar chuqur muhokamani talab qiladi. Shuning uchun ochiq va jonli muloqotlar tashkil etilmoqda, — dedi u.
Qayd etilishicha, ochiq muhokamalar nafaqat Toshkent shahrida, balki hududlardan Zoom platformasi orqaliham tashkil etilgan. Bu esa chekka hududlardagi fuqarolarga ham oʻz fikr va takliflarini bildirish imkoniyatini yaratmoqda.
— Ushbu muloqotlar bugundan boshlanib, izchil davom ettiriladi. Yakunida aniqlashtirilgan takliflar sohaviy vazirlik va idoralar bilan muhokama qilinib, Strategiyaga kiritiladi. Ishonchim komilki, koʻplab takliflar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida oʻz ifodasini topadi, — dedi Abdulla Abduqodirov.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar va blogerlar, shuningdek hududlardan tashrif buyurgan hamda onlayn tarzda ishtirok etgan fuqarolar faol qatnashib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Taʼkidlanganidek, bunday ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik bilan muloqot “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini chin maʼnoda xalqchil hujjatga aylantirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Zulxumor Akbarova