Barcha sohalarda belgilangan maqsadlarga qisqa muddatda erishilayotgani, oʻz navbatida, strategik rejalarni qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda. Ana shu zaruratdan kelib chiqib, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi yangi tahrirda ishlab chiqildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 26-dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini qayta koʻrib chiqish vazifasini alohida taʼkidladi. Shu munosabat bilan 30-dekabr kuni “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining qayta koʻrib chiqilgan loyihasi yuzasidan OAV uchun kontent tayyorlash markazida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Tadbirda barcha masʼul soha mutaxassislari va OAV vakillari ishtirok etdilar.

2023-yilda qabul qilingan mazkur dasturiy hujjat qisqa vaqt ichida barcha soha va tarmoqlarda sezilarli natijalarni taʼminladi. Xususan, kambagʻallik darajasi 11 foizdan 6,8 foizga, ishsizlik 6,8 foizdan 4,9 foizga pasaydi. Yalpi ichki mahsulot hajmi 103 milliard dollardan 145 milliard dollarga yetdi. Eksport hajmi 25 milliard dollardan 33,4 milliard dollarga, xorijiy investitsiyalar hajmi 17 milliard dollardan 43 milliard dollarga oshdi.

Shuningdek, xorijiy turistlar soni 6,6 million nafardan 8,6 million nafarga yetdi. Maktabgacha taʼlim qamrovi 72 foizdan 78 foizga, oliy taʼlim qamrovi esa 42 foizga chiqdi. Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan davlatlar soni 144 tadan 164 taga yetdi.

Soʻnggi ikki yilda Prezident tomonidan 650 dan ziyod farmon va qarorlar qabul qilindi. Davlat rahbari ishtirokida 500 dan ortiq turli darajadagi yigʻilish, uchrashuv va taqdimotlarda barcha sohalar boʻyicha yangi vazifalar belgilandi.

Jumladan, ikki yil avval 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi qoʻyilgan edi. Bugungi kunda esa ushbu marraga 2026-yilning oʻzida erishilishi kutilmoqda. Murojaatnomada kelgusi besh yilda iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Aholi sonining oʻsishi ham strategik rejalashtirishda muhim omil hisoblanadi. Xususan, 2023-yilda 36,7 million nafarni tashkil etgan aholi soni 2030-yilga borib 41 million nafargacha yetishi prognoz qilinmoqda. Barcha yangi maqsadlar aynan shu oʻsishni inobatga olgan holda belgilab chiqildi.

Shu bilan birga, jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlardagi oʻzgarishlar, raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi, aholi ehtiyojlarining oshib borishi yangi yondashuv va aniq rejalarni talab etmoqda.

Ana shu omillarni hisobga olgan holda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining takomillashtirilgan loyihasi ishlab chiqildi. Bu jarayonga vazirlik va idoralar, ilmiy markazlarning 350 nafardan ortiq vakillari jalb etildi. Strategiyadagi 444 ta samaradorlik koʻrsatkichi bugungi kun talablari asosida qayta koʻrib chiqildi.

Xususan, strategik hujjatda barcha koʻrsatkichlar davlat rahbari belgilab bergan yangi marralarga moslashtirildi. Koʻrsatkichlarning barchasi oʻlchanadigan, yaʼni foiz, hajm, daraja, indeks kabi aniq sonli ifodalarda belgilab chiqildi. Hisoblab boʻlmaydigan, umumiy xarakterdagi 130 ta band chiqarib tashlandi.

Yangi strategiyada aholining umr koʻrish davomiyligini oshirish, sogʻlom turmush tarzini keng joriy etish, farmatsevtika va oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ekologiya sohasida ham muhim vazifalar belgilanib, 3 metrli daraxtlardan iborat koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Zero, “Har bir islohotni odamlar his qilishi kerak”, deb taʼkidlamoqda yurtboshimiz, — dedi Bobur Bekmurodov, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi.

Shuningdek, anjumanda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi loyihasi uzbekistan2030.uz va regulation.gov.uz platformalarida jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilinishi ham aytib oʻtildi.

Strategiya doirasida ishlab chiqarish, sanoat va urbanizatsiya jarayonlarini yanada rivojlantirish, moliyalashtirishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, 54 ta yangi yirik strategiya va konsepsiya ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Har bir hudud uchun alohida strategik rivojlanish konsepsiyalari qabul qilinadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlariga muvofiq, ushbu hujjat keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilib, aholining fikr-mulohazalari asosida yanada takomillashtiriladi.

Tadbir soʻngida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan batafsil maʼlumotlar oldilar.

Zulxumor Akbarova