“Peking Express”15 yildan ortiq vaqtdan buyon Fransiya ekranlarida namoyish etiladi va millionlab tomoshabinlarning sevimli koʻrsatuvi hisoblanadi. Ispaniya, Italiya, Niderlandiya, Belgiya, Vengriya va boshqa koʻplab mamlakatlarda ushbu shouning versiyalari mavjud.

Realiti-shou ishtirokchilari pulsiz, faqat mahalliy xalqning mehmondoʻstligi evaziga bir nuqtadan ikkinchisiga avtostop bilan kim birinchi yetib borish boʻyicha oʻzaro bellashadi. Ular muayyan mamlakatning madaniyati bilan chuqurroq tanishish va oʻzlarini sinash maqsadida yoʻl-yoʻlakay turli oʻyinlarda ishtirok etadi.

Shou ishtirokchilari Oʻzbekistonga birinchi marta tashrif buyurishi, bunga qadar Markaziy Osiyo biror marta bu dasturda namoyish qilingan emas. Turizm va sport vazirligi vakillari boshqa qator idoralar bilan hamkorlikda 120 kishini qamrab olgan murakkab syomkalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini taʼminladi.

“Taʼkidlash joizki, bunday loyihalar davlat tomonidan moliyalashtirishni talab etmaydi – xorijiy telekompaniyalar barcha xarajatlarni oʻziga oladi, Oʻzbekiston tomon esa bepul targʻibotga ega boʻladi. Bundan tashqari, shouni ishlab chiqarish jarayonida turizm sektorining koʻplab tadbirkorlari – mehmonxonalar, transport kompaniyalari, gidlar va hunarmandlar oʻz xizmatlarini taqdim etish imkoniga ega boʻladi. Shu bois biz Oʻzbekistonda “televizion turizm”ni rivojlantirishga maksimal darajada koʻmak berishga harakat qilamiz”, — dedi Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov.

Mahalliy prodyuser Nikita Makarenkoning soʻzlariga koʻra, mazkur loyiha ustida ishlash uchun 25 kishi Oʻzbekiston uchun noyob hisoblangan Realiti-shou ishlab chiqarish boʻyicha assistent kasbiga oʻrgatilgan.

“Endi bizda mamlakat hududida murakkab loyihalarda qatnasha oluvchi butun bir jamoamiz bor. Tobora koʻproq xorijiy kompaniyalar tasvirga olish ishlari uchun bizning yurtimizni tanlayapti. Bu, eng avvalo, bugungi kunda Oʻzbekiston bu kabi loyihalarga ochiq ekanligi va davlat organlari tomonidan ularning har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani natijasidir”, — deydi u.

Yurtimiz aholisi va mehmonlari ikki hafta davomida mamlakatimizning turli hududlarida “Peking Express”ning qizil bayroqlarini koʻrgan boʻlishlari mumkin, zero ular Namangan, Qoʻqon, Toshkent shahri va Toshkent viloyati, Samarqand, Buxoro, Xiva va Urganchda, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasida tasvirga olish ishlarini amalga oshirdi, deb xabar beradi Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

Shou premyerasi 2022-yilning bahorida Fransiya televideniyesida boʻlib oʻtadi.